Aytimtov togʻi – Markaziy Qizilqumdagi Boʻkantov togʻlarining janubiy davomi. Sharqda Koʻkpatos togʻlari, janubiyda Mingbuloq botigʻiga tutash. Eng baland nuqtasi 498 m (Chalcharatov choʻqqisi). Aytimtov togʻi janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa yoʻnalgan. Uzunligi 30–35 km. Aytimtov togʻi juda serqirra, baʼzan nayzasimon choʻqqilar hosil qilgan. Yon bagʻirlari quruq soylar bilan parchalangan. Togʻ etagidagi keng prolyuvial shleyflar asosan dagʻal jinslar (shagʻal, mayda tosh va yirik qum)dan iborat. Janubi-sharqiy yon bagʻirlaridan Mingbuloq botigʻiga tomon yoʻnalgan quruq soylarda erta bahorda va jala yoqqanda vaqtincha suv oqadi.Aytimtov togʻi ning markaziy qismi yuqori karbonning granitlaridan, yon bagʻirlarining quyi qismi oʻrta karbonning kremniy, kvarsit, qumtosh, alevrolit, ohaktosh, dolomit va effuziv jinslaridan (900 m) tashkil topgan (Koʻkpatos svitasi). Aytimtov togʻi etaklaridagi prolyuvial shleyf tagida yuqori boʻrning dengiz yotqiziqlari mavjud. Aytimtov togʻi quyi paleozoy (quyi silurning landover asri)da quruqlikka aylangan. Quyi va oʻrta karbon davridagm tersin burmalanishida quruqlik maydoni kengayib oʻrtacha balandlikdagi togʻlar tarkib toptan. Alp burmalanishigacha Aytimtov togʻida denudatsiya (yuvilish) yuz bergan. Neogen davridagi yangi burmalanishlar taʼsirida gersin burmalanishida hosil boʻlgan togʻlar ancha yosharib koʻtarilgan. Aytimtov togʻi yon bagʻirlarida kam gipsli boʻz-qoʻngʻir tuproqlar tarqalgan. Asosan boyalich va oqjusan oʻsadi. Tub jinslarning yuzasi ochilib qolganligi, dagʻal elyuviy hamda prolyuviy jinslarining mavjudligi tufayli tuproq kam, oʻsimlik ham siyrak. Aytimtov togʻi dan yaylov sifatida foydalaniladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil