Badanni artish – salomatlikni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan choratadbir; davo-profilaktika muolajasi; bunda suvga hoʻllangan dagʻal sochiq bilan butun gavda yoki uning ayrim qismlari (qoʻl, oyoq va boshqalar) ni tez va kuch bilan artib, keyin teri qizarguncha quruq sochiq bilan ishqalanadi. Kuniga Badanni artish, bunda suv haroratini 30– 32° dan 18–20° gacha pasaytirib borish yaxshi naf beradi. Badanni artish kishini tetiklantiradi va organizmning tashqi taʼsirotlarga chidamini oshiradi. Bu muolajada teridagi qon tomirlari torayib, organizm kam issiqlik yoʻqotadi va gavdada koʻp issiqlik yigʻiladi. Teridagi qon tomirlar torayganda periferik aʼzolarga qon oqib kelishiga toʻsqinlik oshadi; yurak qisqarishi tezlashadi va qon bosimi bir oz koʻtariladi. Teriga sovuq tekkanda nerv sistemasi qoʻzgʻaladi, bunda sovuq taʼsir qila bersa, teridagi toraygan qon tomirlari kengayib, devoridagi muskullar tonusi oshadi, qon tez oqib keladi. Teri qon tomirlari kengayganda qon bosimi bir oz pasayadi va puls sekinlashadi. Badan oldin hoʻl, keyin quruq sochiq bilan artilsa, teri qon tomirlari bir oz vaqt torayib, sovuq seziladi, teri oqaradi va muzdek tuyuladi. Tomir kengayishi bilan teri qizaradi va qoʻlga issiq seziladi, kishi oʻzini tetik, bardam, baquvvat sezadi. Organizmni chiniqtirish, charchoqni yozish, nevrasteniya va boshqa kasalliklarni davolashda Badanni artish muolajasi qoʻllaniladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil