Bosh menuni ochish

Obraz, badiiy obraz— voqelikni fakat sanʼatga xos usulda oʻzlashtirib va oʻzgartirib harakterlovchi estetik kategoriya. Shuningdek, badiiy asarda ijodiy qayta yaratilgan har qanday voqea ham O. deb yuritiladi.

O.da obʼyektiv anglash bilan subʼyektiv ijodiy tafakkur qorishib ketadi. Badiiy O.ning oʻziga xos xususiyatlari real voqelikka va fikrlash jarayoniga boʻlgan munosabatda aniq namoyon boʻladi. O. vokelikning badiiy inʼikosi sifatida real mavjud obʼyektning hissiy aniq, tayin zamon va makonda davom etgan, moddiy tugal, oʻzicha yetuk xususiyatlariga ega boʻladi. Badiiy O.ni real obʼyekt bilan chalkashtirmaslik kerak; u shartlilik, ramziylik xususiyati bilan real voqelikdan farq qiladi va asarning ichki "illyuziyali" olamini tashkil qiladi. O. voqelikning oddiy inʼikosi boʻlmay, balki uni umumlashtirib, aloqida, oʻtkinchi, tasodifiy hodisaning eng mohiyatli, oʻzgarmasmuqim, adabiy jihatlarini ochib beradi. Mavhum tushunchadan farqli ra-vishda O. koʻrgazmalilik xususiyatini namoyon etadi, u voqealarni mavqum mulohazalar bilan emas, balki hissiy yaxlit, bir butun takrorlanmas tarzda aks ettiradi. O.ning badiiyligi mavjud voqelikni aks ettirish va uni anglash xususiyati bilan belgilanmaydi, balki badiiylik O.ning misli koʻrilmagan, yangi oʻylab chiqarilgan dunyo yarata olish imkoniyatida yuzaga chiqadi. O.da obʼyektiv mavjud va muhim jihatlar bilan birga, boʻlishi mumkin boʻlgan, moʻljaldagi, xohishdagi, yaʼni turmushning emotsional-irodaviy tomonlariga munosabat, uning koʻrinmas, ichki imkoniyatlari bilan bogʻliq xususiyatlar ham muxrlangan boʻladi. Shuningdek, badiiy O.da xayolot, boʻyoq, tovush, soʻz va boshqalarni ijodiy ishlash yoʻli bilan sanʼat asari yaratiladi.

O. murakkab tuzilish va murakkab koʻrinishga ega; u borliq bilan ruhiy dunyoning bir-biriga oʻtishidagi barcha momentlarni oʻz ichiga oladi. Badiiy O. vositasida subʼyektivlik bilan obʼyektivlikning , yakka holat bilan umumiylikning , ideallik bilan reallikning oʻzaro muvofiq munosabatlari ijodiy ishlab chiqiladi.

Badiiy asarda O. soʻz vositasida yuzaga chiqariladi. Adabiy asarning materiali ashyoviy asosdan (boʻyoklar, marmar, tosh va boshqalar) emas, balki belgilar tizi-mi, til, soʻz materialidan iborat boʻlgani uchun ham soʻz bilan ifodalangan O.da koʻrgazmalilik tomoni plastik O.ga nisbatan kam aks etadi. Shoir hatto konkrettasviriy soʻzlardan foydalanganda ham, predmetning koʻzga koʻrinadigan qiyofasini emas, assotsiativ aloqadagi mazmuniy koʻrinishini yaratadi.

Badiiy O.ning muhim vazifasi uning hayotdagidek salmoqdorlik, yaxlitlik va jonlilikka ega boʻlishidir.

AdabiyotlarTahrirlash

  • Xrapchenko M. B., Gorizonti xudojestvennogo obraza, M., 1982
  • Adabiyot nazariyasi (2 j.li), T., 1978
  • Izzat Sulton, Adabiyot nazariyasi, T., 1980.

Bahodir Karimov.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil