Bahor – ertapishar gilos navi. R. R. Shreder nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Fransis va Savri Surxon navlarini chatishtirish yoʻli bilan chiqarilgan (1952). Daraxti kuchli oʻsadi, keng shox-shabbali, shakli piramidasimon, bir yillik novdalari yoʻgʻon, toʻgʻri, jigarrang. Bargi yirik, qizgʻish-yashil, choʻzinchoq, uchiga tomon ingichkalashib boradi. Guli oq, hushboʻy, kattaligi bilan boshqa navlardan farqlanadi. Mevasi yirik (8 g), dumaloq, yaltiroq, toʻq-qizil yoki qoramtir-qizil rangda, seret, sersuv, shirin (13,8% qand). Koʻchati eqilgandan keyin 3 – 4-yili hosilga kiradi. Aprelning birinchi yarmida gullaydi, mayning oʻrtalarida pishadi. Mevasi 30 kungacha sifati buzilmay daraxtda turishi mumkin. Kompot, murabbo tayyorlanadi. Oʻzbekistonning barcha zonalarida ekiladi (qarang Gilos).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil