Bakteriologik qurol
Bakteriologik qurol, biologik qurol – odamlar, hayvonlar va oʻsimliklarda kasalliklar qoʻzgʻatuvchi, sunʼiy koʻpaytirilgan mikroorganizmlar, hasharotlardan iborat ommaviy qirgʻin vositasi. Bakteriologik qurol asosan kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar (bakteriya, virus, zamburugʻ va boshqalar) yuqtirilgan pashsha, chivin, kemiruvchi hayvonlardan yoki suspenziya va kukunlardan iborat. Chet el harbiy mutaxassislari odamlarga shikast yetkazadigan bakterial vositalarga toun, chin chechak, kuydirgi, tulyaremiya, manqa, sariq, isitma, brutsellyoz, vabo va boshqa kasallik qoʻzgʻatuvchilarini; hayvonlarga shikast yetkazuvchi bakterial vositalarga oqsil kasalligi, oʻlat, choʻchqalarning afrika chumasi kasalligi, brutsellyoz va boshqalarning qoʻzgʻatuvchilarini; oʻsimliklarni zararlantiruvchi bakterial vositalarga bugʻdoy zang kasalligi, kartoshka fitoftorasi, sholi pirikulyariozi va boshqa kasallik qoʻzgʻatuvchilarini kiritadi.
Bakteriologik qurol mikroblari aviabomba, raketa, snaryad va boshqa qurollar orqali tarqatiladi. Bakteriologik qurollarning bir guruhi odamlarda, baʼzilari esa hayvonlarda yuqumli kasalliklar tarqatadi, oʻsimliklarni zaharlab quritadi. Odamlarda kasallik tarqatishda vabo, chechak, kuydirgi mikroblari, hayvonlarda esa manqa melioidoz kasalligini tarqatuvchi mikroblar va ularning zaharli moddalari qoʻllanadi. Bu mikroblar quyosh nurlariga, kimyoviy moddalar taʼsiriga chidamli boʻlib, odamlar va hayvonlar orasida qisqa vaqt ichida kasallik tarqatadi. Tezda qarshi chora koʻrilmasa, epidemiya boshlanib, aholi va hayvonlarni nobud qilishi mumkin. Zamonaviy tibbiyot bakteriologik qurollar qoʻzgʻatadigan kasalliklarning oldini olishga qodir. Har qanday yuqumli kasallikning xususiyatlarini oʻrganib, ularga qarshi doridarmonlar tayyorlanadi. Organizmda yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun butun aholi ichida, harbiy qismlarda har yili emlash tadbirlari oʻtkaziladi. Yuqumli kasalliklarni davolash uchun antibiotiklar ham ishlatiladi.
Germaniya Birinchi jahon urushi (1914 – 1918)da rus, fransuz frontlarida har xil kasallik mikroblarini tarqatgan edi. Xabarovskdagi sud (1949)dan maʼlum boʻlishicha, Yaponiya bakteriologik qurolni Xitoy va Mongoliya xalqlari orasida sinab koʻrgan. Amerika ham Vyetnamdagi urushi(1966 – 1968)da bakteriologik qurolning ayrim turlarini (mas, sholini quritish uchun) ishlatgan. Bakteriologik qurol 1925-yil Jeneva protokoli va 1972-yil BMT Konvensiyasi bilan taʼqiqlangan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |