Balanoglosslar
Balanoglosslar (Balanoglossus) – ichak bilan nafas oluvchilar sinfiga mansub chala xordalilar urugʻi. Gavdasi chuvalchangsimon, uchta qismdan – hartum, yoqa va tanadan iborat, uzunligi 2,5 m ga yetadi. Boshlangʻich xordasi va nevrotseli boʻladi, lekin tuzilishi haqiqiy xordalilardan farq qiladi. Balanoglosslar dengizning uncha chuqur boʻlmagan joylarida qumga koʻmilib yashaydi. Uzun muskulli hartumi qumni kavlab kirib olishga yordam beradi. Gavdasining hartumdan keyingi yoqa deb ataladigan qismi halqa shaklida tanasini oʻrab oladi. Gavdasi sirtdan bir qavat kiprikli epiteliy bilan qoplangan. Epiteliy ostida tashqi halqasimon va ichki boʻylama muskullar joylashgan. Ogʻiz teshigi qorin tomoniga Hartum bilan yoqa oʻrtasiga ochiladi. Balanoglosslar suv tubidagi balchiqni yutib, undagi organik qoldiqlar va mayda organizmlarni ajratib olib oziqlanadi. Bir necha turi maʼlum. Shimoliy va Uzoq Sharq dengizlarida 3 turi tarqalgan[1].
Manabalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |