Baliqlar

suvda yashovchi umurtqali jonivorlar sinfi
(Baliqdan yoʻnaltirildi)

Baliqlar (Pisces) — umurtqalilar kenja tipining katta sinfi, juda keng tarqalgan. Tuzilishi, hayot kechirishi va ekologik xususiyati suv muhitiga juda yaxshi moslangan. Baliqlarning qadimgi ajdodlari lansetnikka oʻxshash sodda tuzilgan xordalilar boʻlgan. Tarixiy rivojlanish davomida dastlabki xordalilardan juft suzgich qanotli hayvonlar paydo boʻlgan. Ular yirtqich hayot kechirishgan. Oʻlja axtarib faol hayot kechirishi natijasida ularning nerv sistemasi va sezgi organlari rivojlana borib yoʻl bilan baliqlar kelib chiqqan. Baliqlar suvda yashovchi xordali hayvonlar. Tanasi ikki yondan siqilgan, tangachalar bilan qoplangan, uchta toq, ikkita juft suzgichlari bor. Jabra orqali nafas oladi. Yuragi ikki kamerali, qon aylanish sistemasi bitta doiradan, nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan iborat. Baliq sezgi organlari ko'z, quloq, burun, mo'ylov va yon chiziqlardan iborat. Baliq uzoqni ko'rolmaydi. U bir metr uzoqlikdagi narsalarni ko'roladi. Ammo o'roqsimon o'simtaning qisqarishi tufayli u 12 metr uzoqlikdagi narsanini ham ko'ra oladi. Baliq eshitish organi ichki quloqdan iborat. Suv zich muhitda bo'lgani uchun baliq juda yaxshi eshitadi. U hatto qirg'oqdagi qadam tovushinini ham eshita oladi. Hamma hayvon sigari uning ham hid sezish qobiliyati kuchli. Ba'zi baliqlarda mo'ylov ham bor. Mo'ylov his tuyg'u vazifasini bajaradi. Yon chiziqlar nerv hujayralaridan iborat. Yon chiziqlar orqali oldindagi to'siqlarni, harakatlanayotgan o'ljan bemalol sezadi. Agar baliq ko'r bo'lib qolsa, yon chiziqlar orqali bemalol yashay oladi.

Baliq


Baliqlar haqida tushuncha (OʻzMEdan) tahrir

 
Oq akula

Suvda tez suzadigan B.ning tanasi choʻziq suyri shaklda boʻlganidan suvning qarshiligiga kamroq uchraydi. Sekin suzadigan B.ning tanasi yapaloq boʻladi. Skeleti togʻaydan (togʻayli b.) yoki suyakdan (suyakli B.) iborat. Jagʻlari yaxshi rivojlangan. B. tanasini toʻlqinsimon bukib va yozib harakatlanadi. Juft va toq suzgichlari harakatlanayotganda tanani boshqarish va muvozanatini saqlash vazifasini bajaradi. Tanasi kichikroq yoki yapaloq shaklda boʻlgan B. juft suzgich qanotlarini eshkak kabi suvga urishi yoki toʻlqinsimon harakatlanishi tufayli suzadi. B.ning tanasini bukish xususiyati umurtqalar soniga va terisi sirtidagi tangachalar kattakichikligiga bogʻliq. B. umurtqalari 16 tadan (oy baliqlarda) 400 tagacha (Yangi Zelandiya kamar baligʻida). Bosh skeleti yaxshi rivojlangan, yuz skeleti til osti yoyi va beshtacha jabra yoyidan tashkil topgan jagʻlardan iborat. Bosh miyasi har xil darajada rivojlangan. Akulalarda oldingi miya, miyacha va hidlov boʻlimi boʻladi.

Suyakli baliqlarning oldingi miyasi kichik, oʻrta miya va miyacha nisbatan yirikroq, ikki xil nafas oluvchilarning miya yarim sharlari rivojlangan, miyachasi esa kichik boʻladi. Bosh miyasidan oʻn juft nervlar chiqadi. Taʼm bilish organlari yaxshi rivojlangan. Eshitish organlari ichki quloqdan iborat, B. har xil tovushlarni, shu jumladan ultratovush toʻlqinlarini yaxshi eshitadi. Urchish davrida koʻpchilik B. suzgich pufak yordamida tovush chiqarish xususiyatiga ega. Odatda 1 m gacha masofadagi narsalarni ajrata oladi. Lekin koʻzdagi oʻroqsimon oʻsimtaning qisqarishi, koʻz gavharining oʻzgarishi tufayli 12 m gacha uzoqlikdagi narsalarni ajrata olishi mumkin. Suvning chuqur qatlamlarida va gʻor suvlarida yashovchi B.ning koʻzlari yoʻqolib ketgan. B. yon chiziq organlari yordamida yaxshi oriyentatsiya qila oladi. Asosiy nafas olish organlari — jabralari umrbod saqlanadi. Ayrim B.da (polipterus, seratod) jabra bilan bir qatorda atmosfera havosidan qoʻshimcha nafas olish organi — oʻpka ham rivojlangan. Anabas, gurami kabi labirintli B. birinchi jabra yoyining ustida kichik boʻshliq mavjud. Baliq yutgan havodagi kislorod ana shu boʻshliqda joylashgan shilimshiq parda bilan qoplangan yupqa suyak plastinkalar orqali kapillyar tomirlarga oʻtib, qonni oksidlantiradi.

B.ning yuragi ikki kamerali, yaʼni qorincha va boʻlmadan, qon aylanish sistemasi esa bitta tutash doiradan iborat. Ikki xil nafas oluvchi B.ning yuragi 3 kamerali, yurak boʻlmasi chala toʻsiq yordamida chap va oʻng kameralarga boʻlingan. Koʻpchilik B.ning buyragi, hazm sistemasi rivojlangan. Yirtqich B.ning ichagi kalta, oʻtxoʻrlariniki uzun. Mas, oʻtxoʻr doʻng peshona baligʻining ichagi tanasiga nisbatan 13 marta uzunroq. Jigar va meʼda osti bezlari bor. Koʻpgina B. ichagida ovqat hazm qilishda ishtirok etadigan pilorik oʻsimtasi boʻladi. Akula va osyotrsimonlar ichagida spiral klapani bor. Koʻpchilik B.ning alohida anal va siydiktanosil teshiklari boʻladi. Akulalar va ikki xil nafas oluvchilarda klapani boʻladi. Ayirish organlari — mezonefrosdan iborat. Mezonefros umurtqa pogʻonasi yoniga oʻrnashgan. B. ayrim jinsli, baʼzi turlari (tosh olabugʻasi) germafrodit. B. turli yoshda voyaga yetadi. Gambuziya va tezsuzar B. bir yilda, orol moʻylovdori va bakra baliq 12— 14 yoshda, beluga 20 yoshda voyaga yetadi. Keta va gorbusha kabi B. hayoti davomida bir marta uvildiriq tashlaydi. Koʻpchilik B. (yeles, nozaylo) koʻp yillar davomida har yili bir martadan, boshqalari (zogʻora, oq kumush, tovon baliq) yiliga bir necha marta uvildiriq tashlaydi. Ayrim B. (choʻrtan, oq qayroq) bahorda, koʻpchilik B. (zogʻora, oq kumush, moʻylovdor va boshqalar) bahor — yoz oylarida, baʼzilari (gulmoy) kuzda urchiydi. Nalim va ripus qishda uvildiriq tashlaydi. Tuxumlari bir nechtadan (ayrim akulalar) 300 mln.gacha (oybaliq) yetadi. Bir qancha B. (gambuziya, ayrim togʻayli B.) tirik tugʻib koʻpayadi.

B. har xil kattalikda boʻladi. Filippin orollari yaqinida tarqalgan pondako tanasining uz. 1 — 1,5 sm, ogʻirligi 1,5 g boʻlsa, eng yirik kit akulasining uz. 15– 20 m ga, ogʻirligi 12 — 14 t ga yetadi. B.ning yoshini tangachalari va baʼzi suyaklaridagi yillik halqachalariga qarab aniqlanadi. B. 1 — 2 yildan (tezsuzarlar) 100 — 120 yilgacha (beluga) umr koʻradi. Amudaryo va Sirdaryoda tarqalgan laqqa baliq 50 — 60 yilga yaqin yashaydi. Oziqlanish usuliga koʻra B.ning ogʻzi va tishlari har xil tuzilgan. B.ning faqat jagʻlarida emas, balki til, tanglay va halqumida ham tishlari boʻladi (choʻrtan, karas). B.ning tuxumdan chiqqan chavoqlari dastlab sariqlik xaltachasi hisobiga oziqlanadi, keyinchalik suv oʻtlari va bir hujayrali hayvonlar bilan oziqlana boshlaydi. Yirtqich B. (laqqa, choʻrtan, olabuga) boshqa B. hamda jonivorlarni yeydi. Zogʻora, moy, moʻylovdor B. oʻsimlik va xayvonlardan iborat aralash oziqlar bilan oziqlanadi. B.ning har xil rangda boʻlishi ular terisidagi pigmentli hujayralar — xromotoforlarga bogʻliq. Xromotoforlar nerv taʼsirida tashqi muhit rangiga mos ravishda rangini oʻzgartirish xususiyatiga ega. Bu hodisa B.ning dushmanlardan saqlanishida katta ahamiyat kasb etadi.

B. tana harorati beqaror, sovuqqon jonivorlardir. Tana harorati deyarli suv haroratiga yaqin, baʼzan 0,5 — G ortiqroq boʻladi. Serharakat B. tana harorati muhit taʼsirida bir oz koʻtarilishi, mas, tez suzayotgan tunetsda tana harorati suvnikidan 10°C gacha yuqori boʻlishi mumkin. B. har xil haroratli suvda yashashga moslashgan. Tropik suvlarda yashovchi baliqlar 31°C gacha boʻlgan suvlarda, karp tishli baliq Kaliforniyaning 52°C li qaynar buloqlarida hayot kechiradi.

Baliqlar 2 sinfga: togʻayli va suyakli B.ga ajratiladi. Koʻpchilik turlari (96%) suyakli B.ga kiradi. Oziqlanish usuliga koʻra plantofaglar, bentofaglar, detritofaglar, fitofaglar va yirtqichlarga; koʻpayishiga binoan uvildiriq tashlovchi va tirik tugʻuvchilarga; yashash muhitiga koʻra dengiz va chuchuk suv baliqlariga; hayot kechirish xususiyatiga binoan oʻtkinchi va oʻtroq baliqlarga ajratiladi. Oʻtkinchi B. (losossimonlar, bakra, daryo ugori) hayotining bir qismini dengizda, boshqa qismini daryoda oʻtkazadi.

B. benihoya katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Har yili dengiz va okeanlardan bir necha oʻn mln. tonna B. ovlanadi. Ovlangan B.ning bir qismi toʻgʻridan-toʻgʻri ovqatga ishlatiladi, asosiy qismi qayta ishlanib, tuzlangan, dudlangan, muzlatilgan yoki konserva holida isteʼmol qilinadi. B.dan baliq moyi va baliq uni kabi mahsulotlar ham tayyorlanadi.

Baliqlarni oʻrganadigan fan ixtiologiya deb ataladi. (qarang Baliqchilik).


Baliqlarning ichki tuzilishi tahrir

Baliqlarning hazm qilish organlari ogʻiz boʻshligʻi, halqum, qiziloʻngach va ichakdan iborat. Koʻpchilik baliqlarning jagʻlarida bir necha qator tishlar joylashgan. Zogʻora va ayrim boshqa baliqlarning tishlari boʻlmaydi; oshqozoni yaxshi rivojlanmagan. Ular yutgan oziq bevosita ichakka tushadi. Zogʻora baliq mayda umurtqasizlar, tuban suv oʻtlari, yashil oʻsimliklarning yosh novdalari va barglari bilan oziqlanadi.

Nafas olish sistemasi jabralardan iborat. Baliqlar suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Ular ogʻzi orqali yutilgan suvni jabra teshiklari orqali chiqaradi. Jabralar jabra ravoqlari (yoylari)dan iborat. Har bir ravoqning keyingi tomonida och qizgʻish tusli varaqlari, oldingi tomonida jabra qilchalari joylashgan (61-rasm). Jabra qilchalari suv bilan oqib keladigan oziqning tashqariga chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydi. Jabra varaqlari juda mayda kapillyar qon tomirlari bilan qoplangan. Jabralardan oʻtayotgan suvdan kislorod jabra varaqlari kapillyarlaridagi qonga shimiladi; karbonat angidrid esa qondan suvga ajralib chiqadi. Qahraton qishda muz tagiga kislorod oʻtmasligi yoki issiq yozda iliq suvda kislorod kam erishi tufayli baliqlar halok boʻladi.

Qon aylanish sistemasi yurak, qorin va orqa aortalari, arteriya, vena va kapillyardan iborat. Yuragi yurak qorinchasi va boʻlmasidan iborat. Arteriya qoni jabralardan chiqib, umurtqa pogʻonasi ostidan butun tana boʻylab oʻtadigan orqa aortaga keladi.

Toʻqimalarda hosil boʻladigan moddalar almashinuvi mahsulotlari ikkita tasmasimon qoʻngʻir-qizgʻish buyraklar yordamida qondan filtrlanib, siydikni hosil qiladi. Siydik ikkita siydik yoʻli orqali qovuqqa, undan anal teshigi orqasida joylashgan maxsus teshik orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.

Nerv sistemasi tahrir

Baliqlarning markaziy nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan tashkil topgan. Orqa miya uzun naydan iborat boʻlib, umurtqa pogʻonasi nayi ichi da joylashgan. Orqa miyaning ikki yonidan ichki organlarga, suzgichlarga, teri va muskullarga nervlar chiqadi. Baliqlar va barcha umurtqali hayvonlarning bosh miyasi oldingi miya, oraliq miya, oʻrta miya, miyacha va uzunchoq miya deb ataladigan boʻlimlardan iborat. Miyaning hamma boʻlimlari baliqlar hayotida katta ahamiyatga ega. Miyacha harakatlanish, uzunchoq miya nafas olish, qon aylanish, hazm qilish organlari ishini boshqarib turadi.Eshitish organlari miya qutisining ikki yonida joylashgan, suyaklar bilan qoplangan ichki quloqdan iborat. Suv zich muhit boʻlganligidan tovushni yaxshi oʻtkazadi. Tajribalarda baliqlar qirgʻoqda yurgan odam qadami, suzib kelayotgan qayiq ovozi, qoʻngʻiroq va oʻq tovushlarini yaxshi eshitishi aniqlangan.

Ta’m bilish hujayralari baliqlarning ogʻiz boʻshligʻi, halqumi hamda butun tana yuzasida joylashgan. Zogʻora baliq, treska va boshqa bir qancha baliqlarning boshida joylashgan moʻylovlar tuygʻu vazifasini bajaradi. Yon chiziqlar baliq tanasining ikki yonida qator boʻlib joylashgan teshikchalardan iborat. Teshikchalar maxsus sezuvchi hujayralari boʻlgan naychalar bilan tutashgan. Yon chiziqlar suv oqimi, suv ostidagi narsalarni sezishga yordam beradi.

Tog'ayli baliqlar tahrir

Togʻayli baliqlarning skeleti togʻaydan iborat boʻlib, jabra qopqoqlari va suzgich pufaklari boʻlmaydi. Jabra yoriqlari 5–7 juft boʻladi. Togʻayli baliqlar akulalar va skatlar turkumini oʻz ichiga oladi.

Akulalar turkumi tahrir

Akulalar ancha yirik, tanasi torpedasimon, dum suzgichi juda kuchli rivojlangan. Terisini qoplab turgan tangachalari haqiqiy suyakli baliqlarnikidan batamom farq qiladi. Ularning tangachalari qalin va yirik plastinkalardan iborat boʻlib, har qaysi tangacha ustida sirtdan emal bilan qoplangan tishsimon oʻsimtasi boʻladi. Akula jagʻida bunday oʻsimtalar tishlarga aylanadi. Barcha umurtqali hayvonlar, shu jumladan, odamlarning tishlari ham akulalarnikiga oʻxshash tuzilgan. Akulalar juda serharakat yirtqich baliqlar boʻlib, ancha yirik hayvonlarga, shu jumladan, choʻmilayotgan odamga ham hujum qiladi. Koʻpchilik akulalar tirik tugʻadi, ba’zi turlari tuxum qoʻyib koʻpayadi.

Akulalarning kattaligi har xil boʻlgan 250 turi ma’lum. Ular orasida uzunligi 40–45 sm boʻlgan tikanli akula eng kichigi, uzunligi 15 m keladigan gigant akula yoki 18 m ga yetadigan kit akulasi eng yirik hisoblanadi. Lekin bunday bahaybat akulalarning tishlari juda mayda boʻlib, ular mayda qisqichbaqasimonlar va baliqlar bilan oziqlanadi.

Skatlar turkumi tahrir

Skatlarning tanasi yassi, rombsimon yoki disksimon boʻlib, suv tubida yashashga moslashgan. Dum suzgichi ingichka xivchinga aylangan. Skatlar yassi tanasi bilan tutashib ketgan koʻkrak suzgich qanotlarini toʻlqinsimon tebratib asta-sekin suzadi. Ayrim skatlarning maxsus himoyalanish a’zosi, masalan, dumining asosida zaharli shilimshiq modda bilan qoplangan tikani boʻladi. Tropik dengizlarda uchraydigan elektr skatlarda 70 Vt kuchlanishli elektr zaryadi hosil qiladigan a’zosi ham boʻladi.

Suyakli baliqlar tahrir

Bu turkumga mansub baliqlarning xiðcha va choʻziq tanasi boʻylab orqa, yon va qorin tomonida 5 qator romb shaklidagi suyak plastinkalar joylashgan. Boshining oldingi tomoni uzun tumshuqni hosil qiladi. Ogʻiz teshigi boshining ostki tomonida joylashgan. Skeleti, asosan, togʻaydan iborat, lekin bosh qutisi suyak bilan qoplangan. Oʻq skeleti xordadan iborat boʻlib, butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Oʻrta Osiyo suv havzalarida suyak-togʻayli baliqlardan bakra baliq va soxta kurakburun uchraydi. Sirdaryo va Amudaryoning quyi va oʻrta oqimlarida yashaydigan bakra baliqning uzunligi 2 m gacha, ogʻirligi 30 kg gacha boradi. Amudaryo etaklarida va uning oʻrta oqimlarida soxta kurakburun (qilquyruq) baligʻi tarqalgan.

Losossimonlar turkumi tahrir

Losossimonlarga oʻq skeleti va bosh qutisi qisman suyakka aylangan baliqlar kiradi. Orqa suzgichi ortida yana bitta suzgichi boʻladi. Dengizlarda yashovchi losos, keta, bukri baliq (gorbusha) ham shu turkumga kiradi. Sirdaryo va Amudaryoda gulmoyi, ya’ni forel ham tarqalgan.

Karpsimonlar turkumi tahrir

Tana skeleti suyakdan iborat. Bu turkumning vakillari barcha suv havzalarida keng tarqalgan boʻlib, bir necha yuzlab turlarni oʻz ichiga oladi. Zog'ora baliq, Orol dengizi, Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo havzalarining daryo va koʻllarida uchraydigan moʻylov baliq; togʻ daryolari va soylarda tarqalgan qora baliq; Orol dengizi sohillarida, Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshonning quyi oqimida yashaydigan moybaliq va oqcha baliq, shuningdek, Orol dengizi va unga quyiladigan daryolarda uchraydigan laqqa ham shu turkumga kiradi.

Panjaqanotlilar turkumi tahrir

Panjaqanotlilar skeleti va suzgichlarining tuzilishi quruqlikda yashaydigan umurtqalilar oyoqlariga oʻxshab ketadi. Bu turkumning yagona vakili – latimeriya Hind okeanining Afrika sohili yaqinidan topilgan.

Oʻzbekiston hududidagi baliq turlari tahrir

Hozirda O'zbekiston hududida 91 turdagi baliq mavjud[1] (Wayback Machine saytida 2018-06-13 sanasida arxivlangan). Ularning ba'zilari quyidagilar:

Turkum Oila Tur Nomi
Cypriniformes Cyprinidae Abbottina rivularis Amur false gudgeon
Cypriniformes Cyprinidae Abramis brama Eastern bream
Acipenseriformes Acipenseridae Acipenser baerii
Acipenseriformes Acipenseridae Acipenser nudiventris Spiny sturgeon
Acipenseriformes Acipenseridae Acipenser stellatus Stellate sturgeon
Cypriniformes Cyprinidae Alburnoides bipunctatus Riffle minnow
Cypriniformes Cyprinidae Alburnoides oblongus
Cypriniformes Cyprinidae Alburnoides taeniatus Striped bystranka
Cypriniformes Cyprinidae Alburnus chalcoides
Cypriniformes Cyprinidae Aspiolucius esocinus Pike asp
Esociformes Esocidae Esox lucius Northern pike
Cyprinodontiformes Poeciliidae Gambusia affinis Mosquitofish
Cyprinodontiformes Poeciliidae Gambusia holbrooki
Siluriformes Sisoridae Glyptosternon reticulatum Turkestan catfish
Cypriniformes Cyprinidae Gobio gobio Gudgeon
Perciformes Percidae Gymnocephalus cernua Ruffe
Cypriniformes Cyprinidae Leuciscus lehmanni Zeravshan dace
Cypriniformes Cyprinidae Luciobarbus brachycephalus Turkestan barbel
Cypriniformes Cyprinidae Luciobarbus capito Turkestan barbel
Perciformes Odontobutidae Micropercops cinctus

Qizil Kitobga kiritilgan baliqlar tahrir

2009-yilda chop etilgan "Qizil Kitob"ga baliqlarning 18 turi kiritilgan. Ular:

  1. Orol bahrisi (bakra)
  2. Sirdaryo kurakburuni (filbuyin)
  3. Amudaryo kichik kurakburuni (toshbakra)
  4. Amudaryo katta kurakburuni
  5. Korakuz (oq sazan)
  6. Toshkent yuzasuzari
  7. Churtansifat oqqayrok (kalbaliq, churtanmarka)
  8. Orol mo’ylabdori (sugyon, suzanbaliq)
  9. Turkiston mo’ylabdori (shimbaliq)
  10. Parrak (nashtarkanot)
  11. Turkiston kukbo’yini (kukturta)
  12. Orol tikanagi
  13. Turkiston lakkachasi
  14. Orol sulaymonbalig’i
  15. Amudaryo gulbalig’i
  16. Orol sanchari (tikanbaliq, itbaliq)
  17. Chotqol shaytonbalig’i (toshbukasi)
  18. Turkiston shaytonbalig’i (toshbukasi).

Orol sulaymonbalig'i (Salmo trutta aralensis Berg, 1908) soni har doim kam bo'lgan. 30-yillarda Orol dengizida yiliga 10 dona atrofida ovlangan. Oxirgi marta 1937-yili tutilgan. Hozirga kelib yer yuzida qirilib ketgan. Orol bahrisi va Orol mo’ylabdori oxirgi 20 yil davomida Toshkent va Farg'ona hududida umuman uchratilinmagan. Quyidagi Orol dengizida yashagan turlar hozirda bu yerda umuman yo'q bo'lib ketgan:

  • Acipenser nudiventris Lovetzky, 1828 – Orol bahrisi
  • Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Bogdanow, 1874) – Amudaryo katta kurakburuni
  • Abramis sapa (Pallas, 1811) – Qorako'z
  • Barbus brachycephalus brachycephalus Kessler, 1872 – Orol mo'ylovdori
  • Barbus capito conocephalus Kessler, 1872 – Turkiston mo'ylovdori
  • Leuciscus idus oxianus (Kessler, 1877) – Turkiston lakkachasi
  • Pungitius platygaster aralensis Kessler, 1874 – Orol sanchari

Baliqshunoslik faoliyati tahrir

Oʻzbekistonda ixtiologiya sohasini rivojlantirish borasida ko'plab ishlar qilinmoqda. Baliqlarni ko'paytirish borasida ko'plab qarorlar ishlab chiqildi. Yosh ixtiologlarimiz chet ellarda malaka oshirib qaytmoqdalar. Biroq hozirgi kunda yurtimiz ixtifaunasi to'liqligicha mukammal o'rganilmagan. Shu sababli ham yurtimizda qancha baliq turlari mavjud va ularning qanchasi xavf ostidaligini faqatgina eski ma'lumotlar asosida bilishimiz mumkin.

Havolalar tahrir

O'zbekistondagi baliq turlari

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • B.M.Sheraliyev — О ВИДАХ РЫБ УЗБЕКИСТАНА, НУЖДАЮЩИХСЯ В ЗАЩИТЕ
  • Zoologiya kitobi