Ballast (gollandcha Ballast) — 1) lokomotiv, kema va boshqalarning ogʻirligini sunʼiy ravishda oshirish uchun ishlatiladigan yuk (suv, qum va boshqalar); 2) havodan yengil uchish apparatlari (masalan, aerostat) koʻtarilishini rostlab turadigan yuk (masalan, qum); 3) temir yoʻl shpallari ostidagi qatlam. Maydalangan togʻ jinslari (qum, shagʻal, tosh), domna toshqoli (shlagi) va boshqa materiallardan yotqiziladi. Ballast poyezddan shpallarga tushadigan zoʻriqishni iz koʻtarmasiga bir meʼyorda oʻtkazadi, shpallarning siljib ketishiga yoʻl qoʻymaydi, poyezd gʻildiraklarining relsga yumshoq urilishini taʼminlaydi; 4) koʻchma maʼnoda — ortiqcha yuk, daxmaza, maʼlum ish uchun foydasiz narsa.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil