Ballistika (yunoncha: ballo — irgʻitaman) — artilleriya snaryadlari, boshqarilmaydigan raketalar, mina, bomba, oʻq va boshqalarning otilgan mahaldagi harakatini oʻrganadigan fan. Ichki, tashqi va eksperimental (tajriba) xillariga boʻlinadi. Ichki Ballistika oʻq otilganda porox gazlarining taʼsiri bilan oʻqning stvol ichidagi harakatini, poroxning yonishi oqibatida hosil boʻladigan bosimini oʻrganadi. Tashqi Ballistika oʻqning havodagi harakatini va uning moʻljallangan nishonga tegish qonunini oʻrganadi. Eksperimental Ballistika tajriba, tekshirish va sinash qonuniyatlari bilan shugʻullanadi. Ichki va tashqi Ballistika fizikamat. fanlariga suyanadi. Tashqi Ballistika uchun asos fanlar: nazariy mexanika, meteorologiya va aerodinamika. Ichki Ballistika uchun muhim fanlar — nazariy mexanika, molekulyar fizika, termodinamika, gaz dinamikasi va portlash nazariyasi fanlari. Ballistika fanining yuzaga kelishi N. Tartali, G. Galiliyey, N. Nyuton, L. Eyler va A. N. Kroʻlov nomlari bilan bogʻliq.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil