Balxi tut (Mogassas) — tutdoshlar (tutsimonlar oilasi)ga mansub daraxt. Vatani hozirgi Afgʻoniston (Balx shahri nomidan). Gʻarbiy va Jan. Osiyoda koʻp. Balxi tut xalq seleksiyasi yoʻli bilan chiqarilgan. Oʻzbekistonda asosan mevasi uchun yetishtiriladi. Bargidan ipak qurti boqishda ham foydalaniladi. Bargining toʻyimlilik darajasi (ayniqsa, 4 — 5 yoshlik qurt uchun) juda yaxshi. Shox-shabbasi tarvaqaylab oʻsadi, balandligi va shox-shabbasining kengligi 18 – 20 m. Mevasi toʻpmeva, oq, shirin, urugʻsiz. Bargi seret, silliq, toʻq yashil, kattaligi oʻrtacha (boʻyi 18 sm, eni 17 sm), yozda dagʻallashadi. Har tupidan 12 – 30 kg barg olinadi. Mevasi yangiligida va quritilgan holda isteʼmol qilinadi, undan tutmayiz, tut holvasi, shinni ham tayyorlanadi. Balxi tut sovuqqa chidamli, payvand qilish yoʻli bilan koʻpaytiriladi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil