Barbizon maktabi - fransuz realistik manzara janri rivojida muhim oʻrin tutgan rassomlar guruhi; 19-asr 30 — 60- yillarida asosan Fontenblo oʻrmoni (Parij) yaqinidagi Barbizon (Barbizon) qishlogʻida ijod qilishgan (nomi shundan). Barbizon maktabi demokratik harakatlar kuchaygan, milliy realistik san’at shakllanishi hamda akademizm va romantizm inqirozi davrida paydo boʻldi. Barbizon maktabi vakillari manzara janrida tugallangan asar yaratishga harakat qildilar, bunda ular 17- a. golland, 19- a. ingliz va 18 — 19-asr boshlaridagi realistik milliy san’at ustalarining merosiga tayandilar. Asarlarida Fransiya tabiatini, undagi holat, nur va havo toʻlqinlari (qarang Plener)ayat goʻzallikni ochib berishga harakat qildilar, inson va tabiat uygʻunligidagi koʻtarinki ruhning jozibali koʻrinishini shoirona talqin etishga muyassar boʻldilar. Rang tasvirning oʻziga xos tusli (tonal) koʻrinishini yaratib, nur va soyadagi oʻziga xos jozibani ochib bera oldilar, nur va soyani ma’lum bir rang tizimiga boʻysungan holda tuslanishini berishga erishdilar. Barbizon maktabi ning keksa avlodi (T. Russo, J. Dyupre, N. V. Diaz va boshqalar) manzara janrida qahramonlik ruhini saqlashga in-tilsa, oʻrta avlod vakillari (Sh. F. Dobini va boshqalar) koʻproq borliqni idrok etishga, dastlabki taassurotni berishga, nur-havo muhitini va naturadan olgan taassurotni toʻliq ochib berishga harakat qildi. Ayrim Barbizon maktabi vakillari (K. Truayon va boshqalar) manzara janriga xayvonot olamidan ham lavxalar kiritdi. Barbizon maktabi fransuz realistik san’ati rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Shuningdek Yevropa va boshqa qit’a mamlakatlari san’ati rivojlanishi jarayoniga kuchli ta’sirini oʻtkazdi. Barbizon maktabi san’atining ta’sirini oʻzbek san’atida ham sezish mumkin. Koʻpgina oʻzbek rassomlari, jumladan manzarachilari (R. Temurov, M. Arinin va boshqalar) shu maktab saboqlaridan bahramand boʻldi.Ne’mat Abdullayev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil