Barg nekrozi (yunoncha, necrosis - oʻlik) — barg hujayrasi yoki toʻqimasining qurib qolishi. Bargni sovuq yoki oftob urishi, biror sabab bilan jarohatlanishi, kimyoviy moddalar taʼsiri, shuningdek bakteriya va zamburugʻlarning zararlashi natijasida barg yaprogʻida sariq, qizgʻish, qoʻngʻir va qora dogʻlar paydo boʻladi. Masalan, Pseudomonos caucasicum Sen., Pseudomonos coronafaciens bakteriyalari taʼsirida danakli meva daraxt barglarida qizgʻish, suli bargida qoʻngʻir, gammoz bakteriyasi taʼsirida gʻoʻza bargida qoramtir dogʻlar hosil boʻladi. Gʻoʻza va kartoshkada esa zamburugʻlar taʼsirida makrosporioz (qoʻzgʻatuvchisi — Macrosporium), dukkakli ekinlarda askoxitoz va gʻallali oʻsimliklarda zang kasalliklari paydo boʻladi. Barg nekrozi gʻalla ekinlarida, lavlagi, kunjut, kanop, tut daraxti va boshqa ekinlarda ham uchraydi. Kurash choralari: 0,5, 1,0 va 2,0% li bordo suyuqligi purkash, xazon va oʻsimlik qodsiklarini yigʻib kuydirish, qoʻllanmada koʻrsatilgan me’yorda kimyoviy moddalar ishlatish.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil