Baroq, Buroq, Baroq oʻgʻlon (? — 1428) — dashti qipchoqlik hukmdor (1423—28). Oʻrusxonning nabirasi. B. 1419-yil may oyida taxt uchun kurashda koʻmak istab Samarqandga Ulugbek huzuriga kelgan. Ulugʻbek unga harbiy yordam beradi va shu yilning avgusti oxirida oʻzi ham katta qoʻshin bilan safarga chiqib, 5 sent. da Chinoz yonida Sirdaryodan kechib oʻtadi. Dushman (Tugʻa Temur avlodi Muhammadxon) jang qilmasdan tarqab ketgan, shuning uchun Ulugʻbek 22 oktabrda Samarqandga qaytib kelgan. B. bir muncha vaqtdan soʻng (1423-yil) Muhammadxonning oʻrdasini, 1425-yil boshida esa uzil-kesil taxtni egallaydi. Mustaqil boʻlib olgach, B. bilan Ulugʻbek oralaridagi munosabat buziladi. Bunga sabab B.ning Sigʻnoq atrofidagi yerlarni daʼvo qilib chiqishi boʻlgan. B. Sigʻnoq sh. uning bobosi Oʻrusxonning qarorgohi boʻlgani va shaharni bobosi obod qilganini daʼvo qiladi. Bunga javoban Ulugʻbek 1427-yil bahorida ukasi Muhammad Joʻqiy bilan B.qa qarshi otlangan. Ulugʻbek B. tomonidan kechirim soʻrab, sulh taklifi bilan yuborilgan elchini qaytarib yuborgan. Sigʻnoq atrofidagi tepalik yerlardan hech qanday xavfsizlik chora tadbirlarini koʻrmasdan oʻtib borayotgan Ulugʻbek qoʻshiniga B.ning kam sonli qoʻshini toʻsatdan hujum qilib raqibini parokanda qilib yuborgan. B. Samarqand atrofini talab orqaga qaytgan. Ulugʻbek otasi Shohrux yuborgan Hirot qoʻshini hamda Muhammad Joʻqiyning mulki — Qandahordan kelgan qoʻshinlarni jamlab yana B.qa qarshi otlanganda, Toshkentgacha kelgan, biroq B. qoʻshini dasht ichkarisiga chekingan. Sigʻnoq sh. Ulugʻbek qoʻl ostida qolgan. B. Moʻgʻulistonga qilgan yurishida Sulton Mahmud oʻgʻlon tomonidan oʻldirilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil