Baryer funksiya - odam va hayvonlar organizmining oʻz ichki muhitini (qon, limfa va toʻqima suyukligini) tashqi taʼsirlardan himoya qilishi, shu muhitni (tarkibi, kimyoviy, fizik hamda biologik xossalarini) nisbatan bir meʼyorda saqlay olishi (qarang Gomeostaz). Organizm bu funksiyani baryerlar deb ataladigan maxsus fiziologik mexanizmlar yordamida amalga oshiradi. Ular shartli ravishda tashqi (teri, shilliq pardalar, nafas, ayirish va ovqat hazm qilish apparatlari) hamda ichki — gistogematik va gematoensefalik baryerlarga boʻlinadi. Gistogematik baryerlar aʼzo va toʻqimalarda qon bilan toʻqima oraligʻida joylashgan. Shu baryerlar orasida jigar baryeri ayniqsa muhim. Ichakda hosil boʻlib, undan qonga oʻtadigan baʼzi zaharli moddalarni jigar baryeri zararsizlantirib turadi. Baryer funksiya ham boshqa moslashuv mexanizmlari singari evolyutsiya jarayonida takomillashgan. Aʼzo va toʻqimalarning bakteriyalarga, toksinlarga, moddalar almashinuvining buzilishi natijasida hosil boʻlgan mahsulotlarga, yot moddalar va doridarmonlarga sezgirligi Baryer funksiya ga bogʻliq. Baryer funksiya dan gematoensefalik baryer (qon bilan miya oraligʻidagi), gematooftalmik baryer (qon bilan koʻz toʻqimalari oraligʻidagi), platsentar baryer (ona organizmi bilan homila oraligʻidagi) va boshqa batafsil oʻrganilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil