Batal janri (frans. bataille -jang) — tasviriy sanʼatning urush va harbiy hayot mavzularini aks ettirishga bagʻishlangan janri. Jang koʻrinishlari, harbiy yurishlar, qurolli kuchlarning hayotini tasvirlash Batal janri da asosiy oʻrinda turadi. Aniq jang lavhasini ifodalash, uning mazmunini ochib berilishi bu janrni tarixiy janrga yaqinlashtiradi. Tasviriy sanʼatda jang lavhalari tasviri juda qadimdan mavjud. Podsho, firʼavn, shoxlarning zafarli yurishlarining tasvirlari Qad. Sharq sanʼatida, miniatyuralarda, Xitoy va Kampuchiya devoriy rasm va boʻrtma tasvirlari va boshqalarda koʻp uchraydi. Yevropa tasviriy sanʼatida Batal janri Italiya rassomlari (P. Uchchello, Pyero della Franchesko va boshqalar) ijodida oʻz ifodasini topdi. 15 — 16-alardan janr sifatida shakllandi. Rassomlar jang koʻrinishlarini tasvirlab, urushning kishilarga qanchalar ofatlar va baxtsizliklar keltirishini yorqin lavxalarda koʻrsatdilar. Fransuz inqilobi (1789 — 94) va Napoleon yurishlari ham koʻpgina rassomlar ijodida oʻz ifodasini topdi (A. Gro, T. Jeriko va boshqalar), ispan rassomi F. Goyya, fransuz rassomi E. Delakrua bu janrda salmoqli asarlar yaratdi. Rus sanʼatida Batal janri 18-asrdan rivojlanish bosqichiga oʻtdi. Rus rassomlaridan V. Vereshchagin rus qoʻshinlarining Turkistonni mustamlakaga aylantirish yoʻlidagi urush harakatlarida qatnashib, urush ofatlarini gavdalantirgan "Turkiston" turkumini yaratgan.

20-asrga kelib jahon urushlari davrida yaratilgan, urush dahshatlari, xalq boshiga tushgan kulfatlar, ozodlik uchun kurash gʻoyalarini aks ettirgan asarlarda Batal janri , tarixiy va maishiy janrlar oʻzaro uygʻunlashib ketdi. Ijtimoiy va milliy ozodlik harakatlari Batal janri da burilish yasadi, uning imkoniyat doirasini kengaytirdi, badiiy mazmunini boyitdi.

Oʻzbek tasviriy sanʼatida bu janrning sarchashmalari qadimdan — arxeologik topilmalar (sanʼat namunalari) va miniatyura sanʼatida koʻrinadi. Qoʻlyozma kitoblar bezagining ajralmas qismiga aylangan moʻʼjaz rasmlarda bazmlar, qabul marosimlari va boshqa lavhalar bilan bir qatorda jang lavhalarini tasvirlash qatʼiy anʼanaga aylangan. Behzod, Muhammad Murod Samarqandiy va boshqa musavvirlar jang lavhalarini oʻziga xos tarzda tasvirlagan. Shuningdek yozma manbalarda taʼkidlanishicha, Amir Temur saroyi devorlariga sohibqironning qahramonlik yurishlarini aks ettirgan jang lavhalari ishlangan. 20-asr rassomlari ijodida milliy ozodlik uchun kurash, Ikkinchi jahon urushidagi xalqning jasorati, vatanparvarligi yorkin ifodasini topdi. M. Nabiyev, Oʻ. Tansiqboyev, 3. Faxriddinov, A. Alimuhamedov va boshqa oʻzbek rassomlari ijodida jang manzaralarini aks ettirgan asarlar, shuningdek mahobatli sanʼatda ham bu janrga mansub lavhalar bor (jumladan, Ch. Ahmarovning Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti binosidagi devoriy rasmlari, tempera, 1969).

Neʼmat Abdullayev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil