Baydarka va kanoeda eshkak eshish

Baydarka va kanoeda eshkak eshishsport turi, poygalar va slalomdan iborat. Baydarka va kanoeda eshkak eshish musobaqalari 19-asrning 60-yillarida Yevropaning koʻpgina mamlakatlarida eshkakchilar klublari paydo boʻlgandan soʻng boshlandi va avval baydarkalarda, keyin kanoeda sport poygalari oʻtkaziladigan boʻldi. Xalqaro kanoe federatsiyasi (IKF, 1946-yil tashkil topgan) 54 milliy federatsiyani birlashtiradi (1991). 1936-yildan Baydarka va kanoeda eshkak eshish Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan, 1938-yildan jahon chempionatlari oʻtkaziladi. Baydarkalardagi musobaqalar ayollar va erkaklar oʻrtasida, kanoeda esa — faqat erkaklar oʻrtasida boʻladi. Baydarkalar bir kishilik, ikki kishilik va toʻrt kishilik, kanoe — bir kishilik va ikki kishilik. 1972-yildan baydarka va kanoeda slalom musobaqalari olimpiada musobaqalari dasturiga tajriba tariqasida kiritilgan.

Oʻzbekistonda bu sport turi havaskorlari 50-yillardan suv havzalari, anhor va daryolarda mashq qilib, musobaqalarda qatnasha boshladilar. Oʻzbekiston terma jamoasi 1996-yilgi 26-yozgi olimpiya oʻyinlarida va ayniqsa 1997-yilgi Osiyo birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sokchasiti (Janubiy Koreya) shahrida boʻlgan qitʼa chempionatida 12 ta oltin, 11 ta kumush, 9 ta bronza medali qoʻlga kiritilib, birinchi oʻrin egallandi. Jamoa muvaffaqiyatiga xalqaro sport ustalari aka-uka S. va V. Shoislomovlar (kanoe), D. Kovalenko (kanoe), T. Levina, I. Lyalina, A. Shpiganovich, I. Isakova (baydarka) katta hissa qoʻshishdi. Oʻzbekiston Baydarka va kanoeda eshkak eshish jamoasi 13-Osiyo oʻyinlari (Bangkok, 1998) chempioni nomini ham oldi, Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻiicha asosiy sport bazalari Toshkent dengizi, Chorvoq suv ombori, Samarqand eshkak eshuvchilar kanalida joylashgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil