Bayhaqiy Zahiriddin Abulhasan Ali ibn Zayd

Bayhaqiy Zahiriddin Abulhasan Ali ibn Zayd (1106, Sabzavor — 1174) — olim, tabib va shoir. 1142 — 54 yillarda Nishopurning bir necha masjidlarida mudarrislik qilgan. Chuqur bilimi va yuksak insoniy fazilatlari tufayli xalq hurmatini qozongan. B. arab va fors tilida 70 dan ortiq asar yozgan boʻlib, ulardan eng mashhurlari — "Kitob al-aruz" ("Aruz kitobi"), "Kitob azhor ashjor al-ashʼor" ("Sheʼriyat daraxtlari gullari haqida kitob"), "Kitob atimat al-marzo" ("Xastalar taomi haqida kitob"), "Kitob asomiy al-adviya va xavosiho va manofiʼiho" ("Doridarmonlar nomi, xususiyati va foydalari haqida kitob"), "Kitob fil-hisob" ("Hisob haqida kitob"), "Mashorib attajorib" ("Tajribalar manbai"), "Tarixi Bayhaq" ("Bayhaq viloyati tarixi"), "Tatimma "Sivon al-hikma" ("Hikmat javoni"ni toʻldiruvchi kitob"), "Javomiʼ ahkom an-nujum" ("Yulduzlar harakati qonuniyatlari") va b. Bulardan "Tatimma "Sivon al-hikma" Assijistoniyning "Sivon al-hikma" ("Hikmat javoni") nomli asarini toʻldiruvchi bir kitob boʻlib, oʻrta asrlarda islom olamida mashhur ensiklopedik asarlar sirasiga kiradi. Unda 10 — 12-asrlarda Yaqin va Oʻrta Sharq hamda Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan 111 yirik allomaning tarjimai holi bilan bir qatorda tarixiy, joʻgʻrofiy va etnografik maʼlumotlar ham mavjud. "Tatimma "Sivon al-hikma", "Tarixi Bayhaq" va "Javomiʼ ahkom an-nujum" asarlarining qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil