Baynalmilalchilik
Baynalmilalchilik (arab, "baynalmilal" — millatlararo) — jahondagi turli millat va irqlarga mansub kishilarning xalqaro birdamligi; ularning bir-birlarini tushunishlari va oʻzaro ishonchining , madaniyatlar, qadriyatlar, bilim va texnologiyalar oʻzaro singib borishining asosi; millatchilikning ziddi. Insoniyat tarixi turli millatlar va elatlar orasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy-maʼnaviy aloqalar oʻrnatilib, ularning tobora mustahkamlanib borishi jarayonidir, mazkur munosabatlarsiz esa ijtimoiy taraqqiyot amalga oshmaydi.
15-asr oxiridan boshlangan buyuk geografik kashfiyotlar, sanoat taraqqiyoti, fan va texnika sohasidagi olamshumul ixtirolar davlatlar va xalqlar orasida beqiyos darajada kengaygan iqtisodiy va siyosiy, madaniy, maʼrifiy hamda maʼnaviy aloqalarning jadallashuviga olib keldi. Bu baynalmilal aloqalar milliy ong va oʻz-oʻzini anglash, milliy ozodlik hamda mustaqillik gʻoyalarining shakllanishi va tarqalishiga; ilm-fan va texnika, madaniyat va maʼrifat soxalaridagi yutuqlarning ayirboshlanishiga keng yoʻl ochib berdi.
Mustabid shoʻrolar tuzumi davrida Baynalmilalchilik bir tomonlama talqin qilindi. faqat ishchilar sinfi, uning partiyalari mafkurasi va siyosatining asosiy prinsiplaridan biri, sotsializm va kommunizm uchun kurashdagi birligi, degan maʼnoda tushuntirilib, bunda "proletar internatsionalizmi"gina koʻzda tutildi. Aslida esa Baynalmilalchilik umuminsoniy hodisa boʻlib, barcha xalqlar va mamlakatlarning taraqqiyot sari harakatining , mustaqillik va milliy ozodlik kurashining gʻoyat zoʻr omilidir.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, oʻz ichki va tashqi siyosatida Baynalmilalchilik gʻoyalariga sodiq tarzda jahondagi barcha xalqlar va millatlar bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatish hamda rivojlantirish yoʻlidan bormoqda. OʻzR ilgʻor mamlakatlar bilan barcha sohada hamjihatlik, hamkorlik va birdamlikni barqaror etishga institutilmoqda, xalqaro munosabatlarning umum tan olgan qoida va tamoyillariga rioya qilmoqda. Mamlakatda barcha fuqarolarning , ular millati va irqidan qatʼi nazar, oʻzaro ishonchi hamda birdamligini mustahkamlash, milliy-madaniy neʼmatlarini oʻzaro ayirboshlash yuzasidan izchil siyosat yuritilmoqda. Oʻzbekistonda jami 100 dan ziyod — rus, ukrain, belorus, qozoq, qirgʻiz, uygʻur, tatar, qoraqalpoq, tojik, nemis, koreys va boshqa xalqlarning milliy-madaniy markazlari, respublika milliy-madaniy markazi tashkil etilgan, barcha el-elatlarning maʼnaviy yuksalishi uchun teng imkoniyatlar yaratilgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |