Bayot
Bayot — 1) Oʻn ikki maqom tizimidagi muayyan sho'balar nomi (Navroʻzi Bayot, Bayoti Ajam); 2) Shashmaqomda Navo, Xorazm maqomlarida Navo va Dugoh maqomlari tarkibidagi shoʻʼbalar. Asosiy pardalar tovush qatori re ioniy - fa ioniyga toʻgʻri keladi. Shashmaqomning Navo maqomi tarkibida Talqini Bayot (taronasi bilan), Nasri Bayot (taronalari bilan) va Ufori Bayot shoʻʼbalaridan tashqari cholgʻu qismlardan Muhammasi Bayot mavjud. Bayot kuyi asosida yaratilgan namud esa bir necha koʻrinishlarga ega boʻlib, Navo maqomi tarkibidagi shoʻʼbalarning avjlarida keng qoʻllanadi; 3) Toshkent-Fargʻona maqom yoʻllarida besh qismli yirik ashula turkumi. Ularning parda tuzilishi Shashmaqomdagi Bayot shoʻʼbalarining aynan oʻzidir. Bayot qismlari bir-biridan, asosan usul jihatdan farqpanadi va mustaqil nomlarga ega emas. B. I — Sa-raxbor, B. II — Tarona, B. III — Savt, B. IV — Talqincha, B. V— Soqiynoma (yoki Qashqarcha) usullarida ijro etiladi. Ular shoʻʼba shaklida tuzilgan boʻlib, avjlarida Navo va B. namudlaridan unumli foydalanilgan. B.ning oʻziga xos yoʻli hisoblangan Hofiz Sheroziy gʻazali bilan aytiladigan B.i Sheroziy ham besh qismdan iborat turkumli asardir. Bastakorlar Bayot asosida koʻplab kuy, qoʻshiq va ashulalar yaratgan (Oʻyin B.i, Dutor B.i, Chapandozi B. va hokazo). Yu. Rajabiy ("Layli va Majnun", "Muqanna" musiqali dramalari), V. Uspenskiy, G. Mushel ("Farhod va Shirin" musiqali dramasi), M. Ashrafiy ("Dilorom" operasi) va boshqa ijodida Bayot yoʻllaridan foydalangan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |