Bazda — Qashqadaryo viloyatida ilk oʻrta asrlarda mavjud boʻlgan shahar, Nasafdan soʻng ikkinchi yirik shahar hisoblangan. B. oʻrnida hozir Qamashidan 10 km jan.-gʻarbda joylashgan Koʻhna shahar harobasi mavjud. 9—10-asr manbalarida Nasaf viloyatidagi jomeʼ masjidi boʻlgan ikki shahardan biri (Kasba shahri bilan birga) sifatida tilga olingan. 10-asrda esa ayrim manbalarga koʻra, kattaligi jihatidan poytaxt shahar — Nasafdan ham yirik boʻlgan. Samoniy (12-asr) B.ni Nasafdan Buxoroga boruvchi yoʻldagi "mustahkam qalʼa" deb qayd qilgan, B. yirik savdo markazi boʻlgan, shahar atrofida dehqonchilik rivojlangan. Shahar ahli quduqlardan suv ichgan. B. ark (150x100 m), mudofaa devori bilan oʻralgan shahriston (55 ga) va raboddan tashkil topgan. B. arkining eng quyi qatlamidan milodning boshlariga oid topilmalar chiqqan. B. va Kasbi shahri qalʼalari oʻrta asrlarda Qashqadaryoning quyi oqimi havzasidagi muhim strategik qalʼa boʻlgan. Har ikki qalʼa tepalikda, 20 km oraliqdagi masofada joylashgan boʻlib, bir tepalikdan ikkinchi tepalik koʻrinib turgan. Qadimda ular Qarshi vohasini koʻchmanchilar hujumidan mudofaa etish maqsadida qurilgan boʻlsa kerak. Shu tufayli 6-asrda sosoniylar sarkardasi Bahrom Choʻbin oʻz qoʻshini uchun qarorgoh qilib Nasafni emas Kasbini tanlagani bejiz boʻlmasa kerak.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil