Bekobod shamoli - Turkiston oʻlkasidagi kuchli shamollar. Fargʻona vodiysining gʻarb tomonidagi (eni 9 – 40 km, uz. 70 – 75 km li) Fargʻona yoʻlagi (Xoʻjand yoʻlagi) orqali esadi. Vodiydan Sirdaryo viloyati tomon esadigan sharqiy va jan.sharqiy shamol Bekobod shamoli yoki "Xovos shamoli", Fargʻona vodiysi tomon esadigan shamol esa "Qoʻqon shamoli" deyiladi. Fargʻona vodiysi shim.sharq va jan.dan baland 3000’ — 5000 m togʻlar bilan oʻralgani uchun vodiyning havosi boshqa joylarnikidan farq qiladi. Shim.dan keladigan arktika sovuq havo oqimi Sirdaryo viloyatidagi Dalvarzin choʻli hududlariga kelganda past bosimli (970 mb) iliq havo bilan toʻqnashadi. Bu vaqtda Fargʻona vodiysidagi baland bosimli (985 mb) sovuq havo gʻarbga yoʻnaladi va Fargʻona yoʻlagidan qisilib chiqib, Xovos tomon katta kuch bilan esadi. Arktikadan kelgan sovuq havo Fargʻona vodiysiga kirib borganda Qoʻqon shamoli hosil boʻladi. Yozda vodiydagi issiq havo yuqoriga koʻtariladi, uning oʻrniga Sirdaryo viloyati va Dalvarzin choʻli hududlaridagi havo yoʻlak orqali vodiy ichkarisiga kirib boradi. Bir yilda oʻrtacha 52 kun shunday kuchli shamol esadi, koʻpincha noyabr da boshlanib martda tugaydi. Shamolning tezligi 15 – 20 m/sek, baʼzan 45 m/sek. Bekobod shamoli 2 kundan 5 kungacha davom etadi va qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazadi. Bekobod shamoli ariq va kanallarni qumga koʻmib, avtomashina, vagon, daraxtlarni yiqitgan, telefon va telegraf ustunlarini agʻdarib tashlagan paytlar ham boʻlgan. Shamol kuchli esganda changtoʻzon koʻtariladi. Imoratlar ustidagi shifer va tunukalar koʻchib ketadi, deraza oynalari sinadi. Bekobod shamolidan Sirdaryo viloyati hamda Fargʻona vodiysi — Qoʻqrn atrofidagi ekinlar zarar koʻradi. Ayniqsa bahorda gʻoʻzalarni nobud qiladk. Tuproqning unumdor ustki kismini shamol olib ketishidan yerlar yaxshi unum bermaydigan boʻlib qoladi. Bekobod shamoli kuchini kamaytirish uchun dalalar 100 – 120 m enlikda kartalarga boʻlinadi, keyin 5 – 10 m joy qoldirib ihota daraxtlari ekiladi. Daraxtlar shamolning kuchini kesadi, tuproq namining bugʻlanib ketishini va oʻsimliklar orqali suvning bugʻlanishini kamaytiradi, yerga yaqin qatlamda havoning nisbiy namligini oshiradi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil