Biznes boshqaruvi (inglizcha: Business administration) — biznes faoliyatini boshqarish toʻgʻrisidagi fan. Menejment sohasining holati ishlab chiqarish samaradorligiga, texnika va texnologiya darajasi hamda ishchi kuchining sifatiga taʼsir koʻrsatadi. Menejment fanining mazmuni boshqaruv tizimi va boshqaruv obyekti orasidagi oʻzaro munosabat boʻlib, uning asosiy vazifasi boshqaruvning zamonaviy usullarini, rahbarlik sanʼati sirlarini oʻrganishdan iborat.

Boshqaruv nima?

tahrir

Boshqaruv — tanlov, qaror qabul qilish va uning bajarilishini nazorat qilish jarayonidir. Uning asosiy maqsadi bozor munosabatlari sharoitida barcha boʻgʻinlarda ishlay oladigan yuqori malakali boshqaruvchilarni tayyorlashdan iborat. Menejment ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy, kibernetika va boshqa fanlar bilan aloqador. Menejment dastavval iqtisodiy nazariya fani bilan yaqindan bogʻliq. Boshqarish tamoyillarini Teylorning zamondoshi fransuz olimi Anri Fayol ishlab chiqdi. Korxonada amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarni u olti guruh (texnika, tijorat, moliya, mol-mulk va shaxslarni qoʻriqlash, hisob-kitob, maʼmuri)ga boʻlib, boshqarishni 6-guruhga kiritadi. Menejment yoki boshqarishning obyekti korxona faoliyati, uning subyekti esa boshqarish ishini bajaruvchi idoralar va ularning xodimlaridir. Menejment bilan maxsus tayyorgarlik koʻrgan, boshqarishning qonun-qoidalarini chuqur biladigan malakali mutaxassislar — yollanma boshqaruvchilar — menejerlar shugʻullanadilar. Ular aholining alohida ijtimoiy qatlamini tashkil qiladi. Menejmentning yuqori (firma strategiyasini ishlab chiqish), oʻrta (ishlab chiqarish, sotish, narx belgilash, mehnatni tashkil qilish), quyi (sex, boʻlim doirasida ishni tashkil qilish, kunlik, haftalik, oylik ish topshiriqlari bajarilishini boshqarish) boʻgʻinlari bor. Shunga muvofiq holda menejerlar oliy martabali, oʻrta toifadagi va quyi toifadagi menejerlarga boʻlinadi.

Ayrim tadqiqotchilar menejment sohasini kishilardan nafli samaralar olish sanʼati deb hisoblaydilar.

Mukammal menejmentning xos belgilar

tahrir

Mukammal menejmentning xos belgilari: faoliyatga, izlanishga tarafdorlik; oddiy tuzilma va kam sonli xodimlar; isteʼmolchiga yaqinlik; unumdorlikni taʼminlashda insonning hal qiluvchi oʻrni; tadbirkorlikni ragʻbatlantiruvchi mustaqil idora qilish huquqi; asosiy faoliyat turiga birlamchi eʼtibor; hammadan koʻra yaxshiroq tanish boʻlgan sohaga kirishish; erkinlik va kuchli nazoratni birgalikda qoʻllash.

Firmalarning menejment tizimi umumiy menejment, funksional menejment, moliyaviy menejment, marketing ishi, xodimlar ishini boshqarish, ishlab chiqarish menejmentini, ilmiy-texnika ishlarini boshqarish va boshqani oʻz ichiga oladi.

Menejment nazariyasi va amaliyoti rivojlanishi

tahrir

Menejment nazariyasi va amaliyoti rivojlanishi turli xil qarashlarda oʻz ifodasini topdi. Masalan, XX asrning 50—60-yillarida asosiy eʼtibor boshqarishning tashkiliy tuzilishiga qaratilgan boʻlsa, 60—70-yillarda strategik rejalashtirishdan strategik boshqarishga oʻtish davri boʻldi.

XX asrning oʻrtalariga kelib menejment Oʻzbekistonda tez surʼatlar bilan rivojlandi. 1966 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Kibernetika institutining tashkil qilinishi, akademik V. K. Qobulov boshchiligida olib borilgan nazariy, uslubiy, amaliy ishlar, turli ishlari respublikada menejment fanining rivojlanishiga asos boʻldi.

XX asr oxiri — XXI asr boshlarida menejment Oʻzbekistonda maxsus fan sifatida oliy oʻquv yurtlarida oʻqitila boshladi, menejmentga doir tadqiqotlar yoʻlga qoʻyildi, darsliklar yozildi. BMU universiteti hozir(2023)da ushbu fanni o'qitish bo'yicha yetakchilardan hisoblanadi.