Blokada
Blokada (ing. blockade — qamal, qurshamoq) — 1) (harbiy) — harbiy harakatni amalga oshirishning dushman obʼyektini ajratib, yakkalab, tashqi aloqalarini izdan chiqarishga qaratilgan alohida shakli. Bundan maqsad dushman davlatning harbiyiqtisodiy qudratini sindirib, taslim boʻlishga majbur etishdan iborat (yana qarang Qamal); 2) (siyosiy) — biror davlatni muayyan talabni bajarishga majbur etish maqsadida uning tashqi aloqalariga putur yetkazishga qaratilgan siyosiy tadbirlar tizimi]]. Siyosiy B. davlatni diplomatik jihatdan yakkalab qoʻyishda ifodalanadi. Siyosiy B. koʻpincha iqtisodiy B., baʼzida harbiy B. bilan bogʻliq boʻladi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng Gʻarb davlatlari milliy mustaqillik uchun kurash yoʻliga oʻtgan davlatlarga qarshi siyosiy B.ni keng miqyosda qoʻlladi; 3) (iqtisodiy) — biror davlatning xoʻjalik taraqqiyotini izdan chiqarish maqsadida uni iqtisodiy jihatdan yakkalab qoʻyish. Tashqi savdo, moliya, qarz va boshqa iqtisodiy aloqalarni toʻxtatib qoʻyish (taqiqlash) yoʻli bilan amalga oshiriladi. Odatda, siyosiy va aksariyat harbiy B. bilan qoʻshib amalga oshiriladi; 4) (tibbiy) — biror aʼzo yoki sistemaning funksiyasini vaqtincha toʻxtatish, mas, yurak B.si — yurakning impuls oʻtkazuvchi sistemasi boʻylab impuls oʻtishini toʻxtatish; novokainli B.— novokain purkab qilinadigan muolaja, bunda novokain nerv hujayralariga yalligʻlanish va allergiyaga qarshi taʼsir koʻrsatadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |