Difteriya (yun. diptherien — parda, et), boʻgʻma — asosan hiqildoq, tomoq shilliq pardalarining yalligʻlanishi va aʼzolarning zararlanishi bilan kechadigan oʻtkir infeksion kasallik. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi kirgan joyni zich parda bosishi va umuman organizmning ogʻir zaharlanishi (intoksikatsiya) bilan kechadi. D. bilan koʻproq bolalar kasallanadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini birinchi boʻlib nemis olimlaridan E. Klebs va F. Lefler aniqlagan (1883— 84). D.ni difteriya tayoqchasi yoki Lefler tayoqchasi (uni tasvirlagan olim nomi bilan ataladi) qoʻzgʻatadi. U atrof muhit taʼsiriga ancha chidamli: bemor tutgan buyumlar (idishtovoq, kitob, oʻyinchoq, kiyim-kechak va b.)da bir necha hafta saqlanishi mumkin, ammo oftobda va dezinfeksiyalovchi moddalar taʼsirida tezda oʻladi. Kasallik asosan bemordan yuqadi, u butun kasallik davomida va, hatto, sogʻayib ketganidan keyin ham bir qancha vaktgacha atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Bemor yoʻtalganda, aksirganda, soʻzlashganda D. mikroblari soʻlak, shilimshiq, balgʻam tomchilari bilan havoga chiqadi. Sogʻlom odam shunday havodan nafas olganida unga kasallik yukadi. Bakteriya tashuvchi kishi ham kasallik manbai boʻlishi mumkin. D. tayoqchasi koʻpincha burunhalqum, tomoq va yuqori nafas yoʻllari (qiqildoq, traxeyani) zararlantiradi. D. tayoqchasi shilliq pardaga oʻrnashib oladi va oʻzidan toksin (zahar) ajratadi, u qon va limfa bilan butun organizmga tarqaladi. D. toksini shilliq pardani yalligʻlantirib, unda zich parda — karash hosil qiladi. D. tayoqchasining oʻrnashgan joyiga va koʻpayishiga qarab tomoq, burun, hiqildoq, koʻz, tashqi jinsiy aʼzolar va teri D.si kuzatiladi. Kasallikning inkubatsion davri 2—10 kun. Tomoq D.si holsizlanish va haroratning koʻtarilishi (38—39°) bilan boshlanadi. Tomoq ogʻrib jagʻ osti limfa tugunlari shishadi; tomoq shilliq pardasi qizaradi, murtak bezlari va yumshoq tanglay oq yoki kulrang parda bilan qoplanadi. D.ning toksinli shakli ham rivojlanishi mumkin, u tez avj oladi; temperatura 40° gacha koʻtariladi, yutinganda tomoq qattiq ogʻriydi, bemor qaytaqayta qusadi. Umuman darmonsizlanadi, boʻshashadi, yurak urishi tezlashadi, rangi siniqadi. Jagʻ osti limfa tugunlari sohasidagi teri osti kletchatkalari shishadi va u boʻyinga, baʼzan koʻkrak qafasiga tarqaladi. Tomoq shishi D.ning ilk belgisi boʻlib, bunda murtak bezlari va yumshoq tanglay toʻqimalari bir-biriga deyarli jips yopishadi. Pardali karash tanglay, burunhalqumni qoplab olib, bemor xirillab nafas olishga majbur boʻladi, ogʻzini sal ochib yuradi, keyinroq burundan koʻp shilimshiq keladi.

Burun D.si uzoq davom etadigan tumov bilan kechadi, koʻpincha burunning bir tomoni bitib, qon aralash shilimshiq keladi. Jarayon suyet kechib, uzoqqa choʻzilganida bir talay D. tayoqchalari chiqib, tevarak atrofdagilarga jiddiy xavf tugdiradi.

Hiqildoq D.si asosan goʻdak bolalarda uchraydi; bola xirillab yoʻtaladi, ovozi boʻgʻiladi, nafas olishi qiyinlashadi, hiqildogʻi shishadi, ovoz boylamlari tortishadi (spazm). D.ga boshqa kasalliklar (qizamik, skarlatina) qoʻshilganda kasallik ayniqsa ogʻir oʻtadi. D. toksini koʻpchilik aʼzolarga taʼsir etib, ogʻir asoratlar — buyrak, yurak (qarang Miokardit), nervlar (qarang Polinevrit)ning zararlanishiga olib keladi. Aksari oʻpka yalligʻlani-shi — zotiljam kuzatiladi.

Davosi. D.ga qarshi zardob yuborish yaxshi naf beradi, chunki zardob difteriya toksinini zararsizlantiradi. Oldini olish. D. bilan ogʻrigan bemorni oʻz vaktida kasalxonaga yotqizish kerak. Oʻzbekistonda hamma sogʻlom bolalar majburiy tartibda 2 oylikdan tortib 12 yoshgacha emlanadi. Bolalar muassasalari yoki oziq-ovqat korxonalarida ishlaydigan xodimlarning tomogʻidan va burnidan shilimshiq olib, bakteriologik tekshiruvdan oʻtkaziladi. Yasli, bogʻchaga qatnaydigan bolalar ham shu usulda tekshiriladi. Bakteriya tashuvchilar bolalar muassasalariga ishga qoʻyilmaydi va bakteriya tashuvchilikka ikki marta tekshiruvdan oʻtib yaxshi natija olingandan keyingina ishga qaytadan ruxsat beriladi. Sof havoda boʻlish, xonani yaxshilab shamollatib turish, vrach koʻrsatmasiga muvofiq dorilar qabul qilish bakteriya tashuvchilikni tezroq bartaraf etishga yordam beradi. Bola angina boʻlganda darhol vrachga koʻrsatish zarur. Aks holda D.ni payqamay zardob yuborish vaqtini oʻtkazib yuborib, bola hayotini xavf ostida qoldirish mumkin.

Adabiyot tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Xoʻjayev Sh. X., Difteriya, T., 1993. Shonosir Shovahobov.