Boʻyoqlar — maydalangan mineral yoki organik pigmentlarning alifmoy, lok va boshqa bogʻlovchilardagi suspenziyalari. Boʻyaluvchi buyumlarni yemirilishdan (yogʻochni chirishdan, metallni zanglashdan) saqlaydi, shuningdek ularga kurkam, chiroyli tus beradi. Boʻyoqlarning oʻziga xos xususiyati shuki, pigmentlar bogʻlovchilarda erimaydi va quriganda buyum sirtida yupqa parda hosil qiladi. Boʻyoqlarning moyli va lokli (emalli) xillari bor.

Boʻyoqlar

Moyli Boʻyoqlarda alifmoy parda hosil qiluvchi modda boʻlib xizmat qiladi. Moyli Boʻyoqlar alifmoyda tayyorlanadi. Sanoatda quyuq pasta holida ishlab chiqariladi. Moyli Boʻyoqlar suvga va ishqor taʼsiriga unchalik chidamli emas. Asosan qurilishda va temir yoʻl transportida ishlatiladi.

Emalli Boʻyoqlarda sintetik smolalar yoki organik eritma (lok)lar holatidagi sellyuloza efirlari parda hosil qiluvchi moddalar rolini bajaradi. Emalli Boʻyoqlar qoʻllaniluvchi lokka qarab moyli, alkid, fenolmoy va fenolalkid, epoksid, epoksiefir, poliuretan, mochevinaformaldegid, melaminformaldegid, perxlorvinil, kremniyorganik, bitumli, polivinilatsetatli va boshqalarga ajratiladi. Benzin, kerosin, issiq suv muhitida ishlatiluvchi metall buyumlarni, yogʻoch, beton, qogʻoz, asbob va boshqa mashinalarni korroziyadan saqlash hamda elektroizolyatsiya maqsadlarida qoʻllaniladi.

Badiiy Boʻyoqlar akvarel, guash, temper moyli Boʻyoqlardan iborat boʻlib, ularda nur taʼsiriga chidamli pigmentlar bor.

Qogʻoz, karton, gazmol va yogoch buyumlarni boʻyash uchun ishlatiladi.

Dekorativ Boʻyoqlar asboblar va apparatlarning detallarini boʻyashga ketadi.

Nurlanuvchi Boʻyoqlarda lyuminessensiyalanish xususiyati bor (sovuq nurlanish). Shu maqsadda loklar tarkibiga lyuminofor (nurlanadigan) moddalar qoʻshiladi. Soat va asboblarda raqam va belgilarni yozish uchun kerak.

Termosezgir B.— boʻyalgan modda yuzasida trani nazorat qilish uchun qalam shaklida ishlatiladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Boʻyoqlar" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil