Bolalar oʻyinlari — bolalarni aqliy, axloqiy, jismoniy va estetik tarbiyalash vositalaridan biri. Bolalar oʻyinlari bolalarning har tomonlama kamol topishiga katta taʼsir qiladi. Oʻyin vaqtida sezgi, idrok, tafakkur, xayol, xotira, diqqat, iroda, hissiyot va boshqa ruhiy jarayonlar ishtirok etadi. Bolalar oʻyinlarining 3 asosiy xususiyati bor. Birinchidan, bola oʻyin faoliyatini erkin, oʻz xohishi bilan bajaradi. Ikkinchidan, mazkur faoliyatning ijodiy va faolligidir. Uchinchidan, oʻyin harakatlarining joʻshqinligi: bola oʻyinga qiziqib ketadi, zavqlanadi, unda oʻrtoqlik hissi kuchayadi va hokazo. Bolalar oʻyinlari mazmuniga qarab oʻyinchoqli, voqeaband (syujetli), harakatli va didaktik oʻyinlarga boʻlinadi: 1) oʻyinchoqli oʻyinlar asosan maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning oʻyinlaridir (sodda oʻyinchoqlar, mas, shiqildoq, kubiklar oʻynash; qum bilan oʻynash); 2) voqeaband oʻyinlarda bolalar kattalar faoliyatiga tadbid qilishadi. Bu oʻyinlar bolaning tashqi muhitidagi voqelikni aks ettiradi (mas, "bola boqish", "ovqat pishirish", "bogʻchabogʻcha" oʻynash va boshqalar) Bolalar ulgʻaygan sari ularning voqeaband oʻyinlari ham murakkablasha boradi; 3) harakatli oʻyinlarni bolalar yakka-yakka yoki birgalikda bajaradilar (koptok oʻynash, tez yugurish va boshqalar). Bu oʻyinlar maktab yoshidagi bolalarga ayniqsa foydalidir: bolalar sogʻligʻini mustahkamlaydi, ularni irodali qilib tarbiyalashga yordam beradi. Bolalarning sport oʻyinlari ham harakatli oʻyinlardandir; 4) didaktik oʻyinlarni tarbiyachilar oʻylab topadi. Bu oʻyinlar bogʻchalarning katta guruxlarida tarbiyalanadigan va boshlangʻich sinflarda oʻqiydigan bolalarga moʻljallanadi (tabiiy-ilmiy mavzularga, chet tili soʻzlarini eslab qolishga oid, loto oʻynash va hokazo.). Bu oʻyinlar bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira, zehn kabi sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bolani sogʻlom va baquvvat boʻlib oʻsishiga imkon beradi[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Bolalar oʻyinlari" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil