Bolalar psixologiyasi – psixologiya sohasi, bolalar psixologik rivojlanishining umumiy va alohida xususiyatlarini, turli yosh bosqichlarida bu jarayon qanday kechishi, uni harakatlantiruvchi kuchlar va qonuniyatlarni tadqiq qiladi. Shu sababli bolalar psixologiyasini koʻpincha „Yosh psixologiyasi“ deb ataydilar.

Bolalar psixologiyasi bolalarda psixik jarayonlar (maʼrifiy, nutqiy, hissiy, irodaviy va hokazo) paydo boʻlishi va rivojlanishini, psixik xususiyatlar qaror topishini, xilma-xil faoliyatning (oʻyinlar, oʻqish, mehnat) rivojlanishini, bolaning shaxs sifatida shakllanishini oʻrganadi. Bolalar psixologiyasi umumiy psixologiyada ishlab chiqilgan tadqiqot usullaridan foydalanadi, biroq uni qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari bor. Bola shaxsi yosh xususiyatlarini oʻrganishda koʻndalang, kesma va longityud deb nomlangan tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Birinchi holatda birgina psixik jarayonning oʻzi bir vaqtda turli yosh guruhlariga taalluqli boʻlgan bolalarda tadqiq qilinadi. Ikkinchi holatda (longityud) esa maʼlum bir (alohida tanlab olingan) bolalarning psixik xususiyatlari koʻp yillar davomida tadqiq qilinadi. Bu esa oʻz navbatida ular psixikasi rivojlanishining umumiy kechishini kuzatish imkoniyatini beradi. Bolalar psixologiyasida asosan ota-onalarga bolaga unga boʻlgan ishonch, hurmat, qoʻllab-quvvatlash, unga boʻlgan eʼtiborlarini his qildirish. Mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan holatlar oʻrgatiladi.

Bola dunyoni, atrofni ota-ona koʻzlari bilan anglaydi. Ota-onaga nima yomon boʻlsa, bola shuni yomon deb hisoblaydi. Ota-ona kimni xush koʻrsa, bola uchun u inson yaxshi boʻladi. Bu holat bolani 10-12 yoshiga qadar davom etadi. Undan keyin bola oʻzi xulosa qilishga oʻrganishni boshlaydi. Shunday ekan, bolaning har bir harakati – bu koʻzgudagi sizning aksingiz.

Bolalar psixologiyasi 19-asr oʻrtalarida mustaqil fan sifatida ajralib chiqa boshladi. U pedagogika psixologiyasi, pedagogika, oliy asab faoliyati fiziologiyasi bilan chambarchas bogʻlangandir. Uning maʼlumot va xulosalari yosh avlodni oʻqitish va tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti uchun, umumiy psixologiya uchun muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda Bolalar psixologiyasi masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil