Bolls asbobi — paxta tolasining uzunligi oʻlchanadigan asbob. Ingliz ixtirochisi V. L. Bolls nomidan. Choʻzish apparati va undan olingan piltani lentaga boʻlib chiquvchi moslamadan iborat. Choʻzish apparatida 2 juft metall valik bor. Ostki valikka charm qoplangan. Valiklar bir-biriga prujina yordamida siqilib turadi. Paxta namunasidan 200—300 g tola ajratilib, 32 teng boʻlakka boʻlinadi va aralashtiriladi. Aralashmani yana 4 boʻlakka boʻlib, har biri alohidaalohida choʻzish apparatidan oʻtkaziladi va 4 pilta olinadi, soʻngra ularni qoʻshib, choʻzib bitta pilta yasaladi. Undan tarozida 0,1—0,13 g namuna tortib olib, tolalari parallel boʻlguncha choʻzish apparatidan oʻtkaziladi, keyin duxoba qoplangan valikka oʻrab, uz. 22 sm, eni 15 mm li pilta hosil kilinadi. Bolls asbobi ning ikkinchi qismi karetka va taʼminlash valiklaridan iborat. Tayyorlangan pilta taʼminlash valiklari orasidan oʻtkazilib, karetkaga oʻrnatiladi. Karetka duxoba qoplangan stol ustida yurgiziladi,shunda piltadagi tolalar duxobaga oʻtadi. Duxobaga oʻtgan tolalar maxsus tarozida tortiladi. Tolalarning ogʻirligiga qarab diagramma tuziladi. Diagrammaning vertikal koordinata oʻqi tolalar ogʻirligini, gorizontal koordinata oʻki tolalar uzunligini koʻrsatadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil