Bonlar (frans. bons — yaxshi, qulay) — 1) xususiy firmalar, mahalliy boshqaruv idoralari, korxonalar va davlat tomonidan chiqariladigan qisqa muddatli qarz majburiyatlari. 2) mayda pul vazifasini bajaradigan qogʻoz pul belgilari. B. birjada muomalada yuradi, kotirovka (narx belgilanadi) oʻtkaziladi, mayda pochta oʻtkazmalarini rasmiylashtirishda foydalaniladi. Fransiyada davlat (xazina) obligatsiyalari, qisqa muddatli kreditlar, bank cheklari, pochta va boshqa hujjatlar B. deb ataladi. Fuqarolar urushi davrida Turkiston bilan Markaz oʻrtasida aloqa qiyinlashgan vaqtlarda (1918—20 yillar) Toshkent va Andijonda ham B. (turkbonlar) chiqarilgan. Keyinchalik sobiq Ittifoqda B. chiqarish man qilingan; 3) muomaladan chiqqan va kolleksiya yoki bonistika (qogʻoz pullarni oʻrganadigan tarix fani sohasi) predmetiga aylangan qogʻoz pullar.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil