Bordo suyuqligi
Bordo suyuqligi — oʻsimliklarning zamburugʻli va bakterial kasalliklariga qarshi ishlatiladigan preparat. Mis kuporosi (toʻtiyo)ning ohak eritmasi bilan 1:1 nisbatdagi aralashmasi. 10 litr 1% li bordo suyuqlihi tayyorlash uchun 100 g mis kuporosiga 3–4 litr issiq suv quyib, yogʻoch, shisha yoki sopol idishda aralashtiriladi, soʻng qolgan suv sovuq holda 5 litrga yetguncha qoʻshiladi. Boshqa idishda 5 litr suvda 150 g ohak eritiladi, yaʼni soʻndiriladi. Mis kuporosi eritmasi ohakli eritma (aksincha mumkin emas) ustiga quyiladi. Bunday aralashma bordo suyuqligi deb ataladi, uni aynan ishlatish oldidan tayyorlanadi. Oʻzbekistonda bordo suyuqligi koʻproq mevalarning barg bujmayishi, kalmaraz, antraknoz, shuningdek beda, sabzavot va boshqa ekinlarning qoʻngʻir dogʻiga hamda shu kabi boshqa zamburugʻli kasalliklarga qarshi qoʻllanadi. Oʻsimliklar mis kuporosi boʻyicha 1% li eritma bilan vegetatsiya davrida purkaladi. Preparatning sarf normasi 12–15 kg/ga (gektar), suyuklik sarfi 500–800 litr/ga.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |