Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti

Botanika instituti va botanika bogʻi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va botanika bogʻi — Toshkent shahridagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimliklar dunyosi har tomonlamaoʻrganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar institutroduksiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Botanika instituti 1932-yilda Oʻzbekiston Fanlari qoʻmitasi qoshidagi oʻsimliklar xom ashyosi boʻlimi asosida shakllangan va 1941-yildan Botanika va tuproqshunoslik instituti deb atala boshlagan. 1948-yilda Tuproqshunoslik boʻlimi mustaqil institut boʻlib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya ilmiy tadqiqotlar institutida olib borildi. 1950-yilga kelib mustaqil Botanika ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil topdi. 1998-yilda institutga botanika bogʻi qoʻshilgach, Botanika instituti va botanika bogʻi deb ataladigan boʻldi. Institutda 11 laboratoriya. boʻlib, bular orasida deyarli barcha qitʼalardan yigʻilgan 1 mln.dan ziyod oʻsimlik nusxalariga ega boʻlgan yirik Markaziy gerbariy laboratoriya. Oʻrta Osiyoda yagona laboratoriya. hisoblanadi. Institut bevosita tabiatda ish olib boradigan "Qizilqum choʻl stansiyasi"ga, Gʻarbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi boʻyida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Institutda oʻsimliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, oʻsimliklar xom ashyosi, anatomiyasi, sitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan yerlarni qayta oʻzlashtirish, chorva mollari uchun yemxashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning tabiiy florasi va oʻsimliklar jamoasini oʻrganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani oʻz ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor boʻlgan 6 jildli (rus tilida) "Oʻzbekiston florasi", 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni oʻzida mujassamlashtirgan 10 jildli "Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi", 10 jildli "Oʻzbekiston zamburugʻlari florasi", "Oʻrta Osiyo suv havzalari suv oʻtlari florasi", 3 jildli "Oʻrta Osiyo koʻkyashil suvoʻtlar aniqlagichi", 2 jildli "Zarafshon florasi va oʻsimliklari", 2 jildli "Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston oʻsimliklari", 4 jildli "Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami va undan oqilona foydalanish", 3 jildli "Oʻzbekiston paleobotanikasi", "Oʻzbekiston Qizil kitobi", "Choʻl oʻsimliklarining ekologik anatomiyasi" kabi 120 dan ziyod monografiya va toʻplamlar nashr etildi. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar ishlari oʻz maktablari bilan dunyoga tanilgan Ye.P. Korovin, A.M. Muzaffarov, Q.Z. Zokirov, J.K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq.

Bogʻning yoʻlak qismi
Shimoliy Amerika oʻsimliklari ekspozitsiyasidamn singan daraxt tasviri.

Institut Germaniya, Finlandiya, Xitoy, Janubiy korea hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradi. Institutda botanikaning turli sohalariga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar oʻtkazib kelinadi. Institutda 1 akad., 7 fan doktori, 13 ga yaqin fan nomzodlari 5 falsafa doktori (PhD) dan iborat 40 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi (2018). 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7-fevraldagi №33-sonli Qaroriga binoan “Botanika” ilmiy ishlab chiqarish markazi va Zoologiya institutining negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik va hayvonot olami genofondi instituti tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256 “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkillashtirish chora tadbirlari haqida” Qaroriga asosan Botanika instituti Fanlar akademiyasi tarkibida mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida ajratildi. Botanika instituti flora, oʻsimliklar sistematikasi, geobotanika, morfologiya va anatomiya, mikologiya, algologiya, resursshunoslik, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar kadastri va davlat kadastrini yuritish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan.

Mustaqillik yillarida Institutda Oʻrta Osiyo florasining zamonaviy tarkibi tuzilgan, mahalliy florani yaratish boʻyicha yangi tadqiqotlar boshlangan, botanik-geografik rayonlashtirishning yangi sxemasi ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston mahalliy floralarining yangi elektron ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilgan. Bu vaqt mobaynida Oʻzbekistonning turli hududlaridan fan uchun 30 dan ortiq yangi tur topilgan. Milliy Qizil kitobning 3 ta nashri tayyorlangan, oʻsimliklarning qurgʻoqchil sharoitlarda strukturaviy moslashish qonuniyatlari aniqlangan, Oʻzbekistonning bir qator hududlari, jumladan, Orol dengizi qurigan tubining oʻsimliklar qoplami xaritalari tuzilgan. Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari yuksak oʻsimliklari florasi kadastri amalga oshirilgan. Bevosita Institut xodimlari ishtirokida bioxilma-xillikni saqlab qolish boʻyicha milliy harakatlar rejasi va milliy strategiya ishlab chiqilgan (2015).

Institut ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar:

- Oʻzbekiston oʻsimliklar olami ob’ektlarini monitoring qilish va baholash, asosiy botanik hududlarni identifikatsiya qilish, milliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, milliy Qizil kitob va Oʻzbekiston florasi davlat kadastrini yuritish, xom ashyo oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish; - molekulyar filogeniya va sistematikani rivojlantirish, elektron barkodlash va Oʻzbekiston florasining kamyob va yoʻqolib borayotgan turlarini pasportlash; - oʻsimliklarning iqtisodiy jihatdan istiqbolli turlarini introduksiya va akklimatizatsiya qilish, Oʻzbekiston florasining kamyob, yoʻqolib borayotgan va endem turlarining genetik bankini yaratish; - ekosistemalarning zamonaviy holatini antropogen omillar va choʻllanish jarayoni ta’siri ostida baholash, arid ekosistemalaridan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.

Hozirgi kunda Institutda 5 ta laboratoriyada ilmiy faoliyat olib boriladi.

1. Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi oʻsimliklar sistematikasi va flora boʻyicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Oxirgi 10 yil ichida laboratoriya negizida Oʻzbekistonning botanik-geografik rayonlashtirish, Oʻzbekiston oʻsimliklar xilma-xilligining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, bir qator kam tadqiq qilingan hududlarni oʻrganish va flora konspektlarini chop etish kabi tadqiqotlar bajarilgan. Hozirgi kunda Oʻrta Osiyo hududida oʻxshashi yoʻq bir qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston florasining yangi tomlarini tayyorlash va nashr qilish boʻyicha fundamental loyiha doirasida 2016-yilda Amaryllidaceae oilasiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston florasi” monografiyasining birinchi tomi chop etildi. Laboratoriyada Zarafshon tizmasi gʻarbiy tizmalari florasini toʻr tizimli xaritalashga bagʻishlangan Oʻrta Osiyo uchun yangi amaliy loyiha amalga oshirilmoqda.

2. Oʻsimlik resurslari laboratoriyasi 2017-yilda tashkil etilgan. Laboratoriyaning asosiy ilmiy faoliyati Oʻzbekistonning xom ashyo oʻsimliklarini inventerizatsiya qilish hamda texnik va dorivor oʻsimliklarning biologik va ekspluatatsion zahiralarini aniqlashdan iborat. Oʻzbekiston florasi yuksak yovvoyi oʻsimliklari - dorivor, asal-shirali, texnik va ozuqabop oʻsimliklari genofondiga juda boy. Umumiy turlar xilma-xilligi 1000 turdan kam emas. Hozirgi kunda laboratoriya dorivor oʻsimliklar boʻyicha interaktiv elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu baza Oʻzbekistonning asosiy yovvoyi dorivor oʻsimliklari haqida toʻliq ma’lumotni oʻzida aks ettiradi. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri xalk tabobatining yangi dorivor oʻsimliklarini oʻrganuvchi va yurtimiz tabobatining rasmiy dorivor oʻsimliklar tarkibini toʻldiruvchi etnobotanik tadqiqotlar hisoblanadi.

3. Geobotanika va oʻsimliklar ekologiyasi laboratoriyasi 1953-yilda akademik E.P. Korovin tashabbusi bilan tashkil etilgan. Laboratoriyada choʻl ekosistemalari dinamikasini iqlim va antropogen omillar bilan bogʻliq holda oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekistonning tabiiy oʻsimlik qoplamlarining zamonaviy holatini oʻrganish, arid mintaqalar em-xashak oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish va ulardan ratsional foydalanish yoʻllarini ishlab chiqish laboratoriyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Choʻl yaylovlarining zamonaviy holatini yaylov oʻsimliklar qoplami transformatsiyasini aniqlash asosida oʻrganish laboratoriyaning asosiy ilmiy yoʻnalishidir. Uzoq yillik tadqiqotlar davomida yaylovlarni xaritalash, yaylovga tushayotgan bosim va ularning mavsumiy hosildorligini aniqlash, yaylovlarning florogenetik tarkibini inventarizatsiya qilish va kamyob turlar iqlim oʻzgarishi va antropogen ta’sirlarning turli tiplari bilan bogʻlik holda monitoring qilish kabi tadqiqotlar olib borilgan. Hozirgi kunda Ustyurt platosi oʻsimliklar qoplami dinamikasini iqlim oʻzgarishi bilan bogʻlik holda aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri Oʻzbekiston arid mintaqalarinining yuksak oʻsimliklari davlat kadastrini yuritish hisoblanadi. Soʻnggi yillarda laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning arid ekosistemalarida oʻsuvchi kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar senotik populyasiyalarining holatini baholashga bagʻishlangan zamonaviy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.

4. Mikologiya va algologiya laboratoriyasi tadqiqotlarining asosini Oʻrta Osiyo suv havzalari suvoʻtlarini oʻrganish tashkil etadi. Koʻp yillik tadqiqotlar natijasida mikroskopik suvoʻtlarining va tabiiy suv havzalari, suv omborlari, sugʻoruvchi kanallar va sholi maydonlari tarkibidagi yuksak suvoʻtlarining turlar xilma-xilligi aniqlangan. Hozirgi kunda laboratoriyada mikologiya va algologiya sohasida tadqiqotlar olib borilmoqda. - mikologik tadqiqotlar Oʻzbekiston zamburugʻlar florasini oʻrganish, alohida taksonlar boʻyicha aniqlagichlar tuzish, makro- va mikromitsetlarning biologiya, ekologiya va geografiyasini oʻrganish, elektron ma’lumotlar bazasi va tarqalish xaritalarini tuzish, madaniy, qishloq xoʻjaligi va yovvoyi em-xashak oʻsimliklarining zararli zamburugʻ kasalliklariga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda dorivor va ozuqabop zamburugʻlar etishtirish usullarini ishlab chiqishdan iborat. - algologik tadqiqotlar Oʻzbekiston tuproq va suv havzalari suvoʻtlarining turlar xilma-xilligini, respublika suv havzalari florasining indikator-saprob turlarini inventarizatsiya qilish va ularni suvning ekologik-sanitariya holatini baholashda qoʻllash, suvoʻtlarini kolleksiyalarda saqlab qolishdan iborat.

5. Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi O`simliklarning sistematik birliklarini aniqlash asosida olib boriladigan fundamental va amaliy koordinatsiyasi asosida molekulyar genetik tahlillar bo`yicha turga oid bo`lgan xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir. O`zbekistonning kamyob turlar genofondini faollashtirish, ularni populyatsion darajada saqlab qolish. Ekologik – genetik tadqiqotlar. Laboratoriyaning istiqbolli maqsadining amalga oshirishdagi vazifalari: O`simlik turlarini metodik pasportlashtirishni ishlab chiqish, molekulyar-genetik identifikatsiyasini yuzaga chiqarish, shtrixkodlash va O`rta Osiyo yovvoyi o`t-o`simliklari populyatsiyasi holatini baholash. Taksonlarni identifikatsiyalashning sistematik avtomatlashtirish darajasida ishlab chiqish. O`simliklar tabiiy xom-ashyosi zaxiralaridan oqilona foydalanish, shuningdek atrof-muhit holatini monitoringini yo`lga qo`yish uchun O`zbekistonning aloxida hududlaridagi kamyob o`simliklarini molekulyar-filogenetik tadqiq qilish. Ushbu yo`nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va mustaxkamlash maqsadida shu yo`nalishdagi tashkilotlar bilan aloqalarni yo`lga qo`yish. Laboratoriyaning ilmiy yo`nalishi: O`zbekiston florasini fundamental amaliy molekulyar sistematika ishlari asosida olingan amaliy natijalar o`zaro yuqori darajadagi yangiliklari bilan tubdan farq qiluvchi malumotlarni aniqlash. Maxsus dasturlardan foydalangan holda genetik malumotlar bazasi va o`tkazilgan filogenetik tahlil malumotlarini to`plash. Molekulyar biologiya soxasida yuqori darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda kerakli sharoitlarni tashkil etish.

Institutda quyidagi asosiy ilmiy yutuqlarga erishilgan: - ilk bor florani tahlil kilish, oilalar va turkumlarning originalligi, endem va subendem taksonlar roʻyxati va ularning geografik aloqalari, oʻsimliklar qoplami va landshaftlarining xususiyatlari asosida GAT yordamida tuzilgan Oʻzbekiston botanik-geografik rayonlashtirishning murakkab sxemasi ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonnning togʻli qismi hududida 8 ta okrug va 23 ta rayon, tekislik kismida esa 8 ta okrug va 15 ta rayon ajratildi. Rayonlashtirish kriteriyalari, tabiiy fitoxorionlarni aniqlash ayrim hududlarning botanik-geografik joylashuviga tegishli bir qator muammolarga echim topildi. Tadqiqotlar natijalari «Botanical Geography of Uzbekistan» monografiyasida chop etildi; - ilk bor senopopulyasion darajada Qizilqum florasining kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar populyasiyalarining zamonaviy holati aniqlangan, bu esa butun Oʻzbekiston florasining endem va xavfli turlarini maqsadli oʻrganish uchun ilmiy asos bo`lib xizmat qiladi; - kamyob va endem turlarning tarqalishini koʻrsatuvchi GAT xaritalari bilan Oʻzbekistonning ayrim mahalliy floralari ma’lumotlar bazasi Oʻzdavqoʻmekologiya, Oʻzdavoʻrmon i Oʻzdavergeodezkadastr amaliyotiga joriy etilgan. Oʻzbekiston oʻsimliklar xilma-xilligi boʻyicha olib borilgan zamonaviy tadqiqotlar natijalari xalqaro portal (www.gbif.org), indekslar (www.inpi.org, www.theplantlist.org), dunyoning gulli oʻsimliklar zamonaviy klassifikatsiyasiga (www.mobot.org) kiritildi.

Botanika bogʻi
Botanika bogʻi. Shimoliy Amerika Kolleksiyasi

Botanika bogʻi. O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bog`i O`zbekitonning noyob madaniy meros ob`ektlaridan biri sanalib, egallagan maydoni 65 gektar. Botanika bog`ining asosiy qismi Shimoliy Amerika, Yevropa-Qrim-Kavkaz, Uzoq Sharq, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo dendrofoloralariga ajratilgan. Botanika bog`ida uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida atrof muhit holatini yaxshilashga samarali xizmat qiladigan yuqori manzarali daraxtlar, butalar, o`t o`simliklarning keng assortimenti yaratilgan. Hozirgi kunda ham shahar landshaft arxitekturasini yaratishda, ko`kalamzorlashtirishda qo`llaniladigan iqlimning noqulay sharoitlariga moslashgan istiqbolli o`simliklar ustida tadqiqotlar olib borish Botanika bog`ining muhim vazifalari qatoridan joy olgan. 1943-yilda asos solingan Toshkent Botanika bog`i dunyoning turli mintaqalaridan iqlimlashtirish uchun keltirilgan o`simliklarning mahalliy tuproq iqlim sharoitiga moslashtirish, O`zbekiston sharoiti uchun moslashgan ko`kalamzorlashtirish uchun istiqbolli o`simliklarni urug`dan va vegetativ ko`paytirish, dorivor o`simliklar va Respublikamizdagi xo`jalik uchun ahamiyatli daraxt va o`t o`simliklarni o`rganish bilan shug`ullanadi. Botanika bog`i o`z faoliyati davomida daraxt va butalarning 2000 dan ortiq tur va formalari, 900 dan ortiq o`t o`simliklar, 2100 dan ortiq manzarali gullarning nav va formalari, yopiq grunt sharoitida 950 dan ortiq tropik va subtropik o`simliklar ustida introduktsion tadqiqotlar olib bordi. Botanika bog`i tirik tabiat muzeyi hisoblanib, tashrif buyuruvchilar o`simliklar olami bilan tanishibgina qolmasdan, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishni ham o`rganadigan joy xisoblanadi. Botanika bog`idagi ekskursiya yo`laklarining uzunligi 10 km. dan ortiq bo`lib, O`zbekistondagi etakchi ilmiy-ma`rifiy muassasalardan biri sanaladi. Bog`da O`zbekiston tabiiy florasiga mansub o`simliklar genofondini saqlab qolish, noyob va yo`qolib borayotgan o`simlik turlarini introduktsiya qilish va iqlimlashtirish, noyob va kamayib borayotgan o`simliklarning morfo-anatomik xususiyatlarini o`rganish asosida ulardagi moslashuvchanlik qonuniyatlarini o`rganish, tabiiy va introduktsiya sharoitida o`simliklarni tirik kollektsiyalarini saqlab qolish, boshqa ilmiy, xo`jalik, madaniy-estetik ahamiyatga ega o`simliklarni tadqiq etish va ilmiy-pedagogik, ma`naviy-ma`rifiy ishlarni amalga oshirish ishlari olib boriladi. Bu ishlar natijasida manzarali o`simliklarning madaniy areali kengayib boradi. Botanika bog`ida istiqbolli manzarali, dorivor, xo`jalik uchun ahamiyatli o`simliklarni ko`p miqdorda ko`paytirish orqali olingan natijalar shaharlar va aholi punktlarini ko`kalamzorlashtirishda keng qo`llanilmoqda.

Botanika bog`ida introduktsiya qilingan va iqlimlashtirilgan noyob va endem, xo`jalik uchun ahamiyatli o`simliklar ustida olib borilgan amaliy tadqiqotlar natijasida turli ishlanmalar amaliyotga joriy qilinmoqda.

Botanika bog`ining faoliyati, strategik maqsadi va tashkiliy tuzilmasi

Botanika bog`i o`zining yarim asrdan ortiq davom etgan tarixida nafaqat O`zbekiston, balki butun O`rta Osiyo botanika fanining rivojiga o`zining sezilarli hissasini qo`shib kelmoqda. Necha o`n yillar davomida dorivor va manzarali introdutsentlarning iqlim sharoitiga moslashishi ustida turli yo`nalishlarda tadqiqotlar olib borildi. Botanika bog`ining asosiy faoliyati o`simliklar olamida biologik xilma-xillikni saqlab qolish muammolarini hal qilshdan iborat bo`lib – har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ustuvor yo`nalishlardan biri sanaladi. Ayni damda atrof muhitga texnogen va antropogen omillarning ta`siri natijasida o`simliklar sonining kamayib borishi, o`simliklar genofondining tiklanib bo`lmas darajada qisqarib borayotgani bugungi kunning o`tkir muammosiga aylanib bormoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga yangi o`zgarishlar kiritildi. Bular jumlasiga 2016-yilning 21-sentabrida qabul qilingan “O`simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunda tabiatning biologik xilma-xilligini saqlab qolish, yo`qolib ketish havfi mavjud bo`lgan o`simliklar genofondini muhofaza qilish, mamlakat hududida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni yaratish va kengaytirish, o`simliklar olamidan samarali foydalanish sohasidagi qonunchilik munosabatlarini tartibga solish taklif qilindi. Botanika bog`i ilmiy xodimlari tomonidan: - o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning nazariy va terminologik asoslashda turkum komplekslari metodi ishlab chiqildi; - qimmatli em-xashak, dorivor va ozuqabop istiqbolli yovvoyi o`simliklarning 40 dan ortiq turi madaniylashtirildi; - manzarali o`simliklarning dunyo amaliyotida qiyosi yo`q, mintaqa sharoitiga moslashgan yangi gibridlari va formalari yaratildi (yukka, gibiskuslar, katalpalar, na`mataklar, liliyalar). Ko`kalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt va butalarning 200 dan ortiq turi joriy qilindi. Botanika bog`ining asosiy strategik maqsadini amalga oshirishda quyidagi vazifalarni hal qilish lozim bo`ladi: - o`simlik resurslaridan samarali va barqaror foydalanish chora-tadbirlarini aniqlash, noyob va endem o`simliklarni saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; - lokal va boshqa mintaqalar florasidagi o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishning nazariy asoslarini qabul qilish, yovvoyi turlarning respublikamizning turli xo`jalik tarmoqlarida qo`llanilishini joriy qilish; - genetik xilma-xillikni saqlab qolishning metodik asoslarini tabiiy sharoit (in-situ) bilan bir qatorda botanika bog`i kollektsiyalarida (ex-situ) sharoitlarida rivojlantirish va kelgusida ularni tabiiy sharoitga reintroduktsiya qilish; - botanika va ishlab chiqarishning turli sohalarida fundomental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish; - o`z yo`nalishi bo`yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni yanada yuqori darajalarda davom etdirish. Botanika bog`ining asosiy ilmiy tarkibini laboratoriya mudirlari tomonidan boshqariladigan ilmiy laboratoriyalar, o`simliklar ekspozitsiyalarining kuratorlari va O`zbekiston Respublikasi va xorijdagi oliy ta`lim muassasalarining tegishli tarmoqlardagi kafedralari bilan hamkorlik asosida tayyorlangan malakali yosh mutaxassislar tashkil qiladi. Botanika bog`i faoliyati Direktor, umumiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, laboratoriya mudirlari, ma`muriyat shtat birliklari va texnik personal orqali amalga oshiriladi.

Botanika bog`i rivojlanish dasturini amalga oshirish mexanizmlari

Botanika bog`ida ilmiy faoliyatni olib borish asosan byudjet mablag`lari hisobiga amalga oshiriladi. Bundan tashqari asosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib davlat dasturlarini amalga oshirish fundomental va amaliy loyihalar orqali bajariladi. Fundamental va amaliy dasturlar dunyo botanika fani va O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati va ushbu dastur talablaridan kelib chiqib, o`simliklar bioxilma-xilligini saqlab qolish sohasida o`z rejalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ushbu dasturni amalga oshirishning muhim tarkibiy qismi sifatida yosh malakali mutaxassislarni tayyorlash va Botanika bog`ida amalga oshirilayotgan natijalarni o`quv jarayonida tadbiq qilish maqsadida O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarining shu yo`nalishdagi kafedralari bilan hamkorlik olib boradi. Natijalarni amaliyotga joriy qilish biologik xilma-xillikni saqlab qolish sohasida ish olib boruvchi davlat va jamoatchilik tashkilotlari yuilan hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali amalga oshiriladi, olingan ilmiy ishlanmalar va olingan natijalar tabiatni muhofaza qilish faoliyatining aniq yo`nalishlarida qo`llaniladi. Dunyo ilm-fani bilan integratsiyani shakllantirish vazifasi, o`simliklar hilma-xilligi yo`nalishida izlanishlar olib boradigan etakchi ilmiy markazlar bilan halqaro hamkorlikni yo`lga qo`yish orqali amalga oshiriladi. Halqaro aloqalarni yuqori darajadaligi Botanika bog`ining ushbu dasturini amalga oshirishda bosh mezonlardan biri sanaladi.

Botanika bog`i faoliyatidagi muhim vazifalar

Botanika bog`i faoliyatidagi ustuvor yo`nalishlar quyidagicha: O`simlik resurslaridan samarali foydalanishni kompleks o`rganish, Respublikamiz iqlim hududlariga mahalliy va xorijdan keltirilgan istiqbolli o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish usullarini ishlab chiqish, O`simliklar olamining va O`zbekiston florasining noyob, endem o`simliklarini saqlab qolishning samarali usullarini yaratish bo`yicha izlanishlar olib borish. Botanik fanlarning tegishli yo`nalishlari: introduktsiya, akklimatizatsiya, genofondni saqlash, morfologiya, biotexnologiya. Bu yo`nalishda quyidagi ishlar olib boriladi: - bioxilma-xillik sohasida olib borilayotgan milliy va halqaro loyihalarga ekspert xulosalari berib borish, o`simliklar olamini himoya qilish borasida olib borilayotgan barcha ilmiy amaliy dasturlarda faol ishtirok etish va ilmiy baholab borish; - iqtisodiy-xo`jalik jihatdan ahamiyatli o`simlik turlarini ko`paytirish agrotexnikalarini ishlab chiqiladi va ularni madaniylashtirish (ishlab chiqarish plantatsiyalari yaratish orqali) ustida tajribalar olib boriladi, bundan tashqari dorivor o`simlik xom ashyolarini uzluksiz etkazib berish jarayonida o`simliklarning tabiiy populyatsiyalariga zarar keltirmaslik chora-tadbirlarini ishlab chiqiladi; - lokal va boshqa mintaqalar floralaridan keltirilgan o`simliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning yangi nazariy asoslari amaliyotda qo`llaniladi, mahalliy floraning yovvoyi o`simlik turlarini xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida samarali qo`llanilishini amalga oshiriladi; - kamyob va yo`qolib borayotgan o`simliklarning tabiiy sharoitda saqlab qorishning metodik asoslari rivojlantiriladi (in-situ) va ularning botanika bog`ida kollektsiyalari yaratiladi (ex-situ), kelgusida o`simliklarni O`zbekistonning tabiiy sharoitlariga reintroduktsiya qilish maqsadida ularni urug`dan va vegetativ ko`paytirish metodlari ishlab chiqiladi; - O`zbekistonning noyob va yo`qolib borayotgan o`simlik turlarini saqlab qolish uchun yuqori moslashuvchanlik imkoniyatiga ega namunalar olish maqsadida, biotexnologiya metodlarini qo`llash orqali amaliy introduktsiya sohasi rivojlantiriladi (in-vitro); - o`simliklarning morfologik, anatomik, bioekologik xususiyatlari tadqiq qilinadi va noyob, yo`qolib borayotgan o`simliklarning Botanika bog`i sharoitiga molashuvchanligi qonuniyatlari aniqlanadi; - MDH ning etakchi botanika bog`lari bilan istiqbolli turlar urug`larini almashishi uchun aloqalar yo`lga qo`yiladi va o`quv-pedagogik, ilmiy-ma`rifiy ishlar davom etdiriladi.[1]

Manbalar tahrir