Bozgoʻy (fors—qayta aytish, takrorlash) — anʼanaviy cholgʻu musiqa asarlari shaklining oʻzgarmay, muntazam takrorlanuvchi kuy tuzilmasi. Cholgʻu asarning gavdalanishida xona (oʻzgaruvchan kuy tuzilmasi) bilan almashinuvi jarayonida B. muhim shakllantiruvchi vosita boʻlib xizmat qiladi: xonalarda ohanglar tobora rivojlanib, kengayib B.larga ulanadi (103b.dagi Tasnifi buzruk nota misoliga q.).

Kuy rivojida xona va B.lar oʻziga xos vazifalarni oʻtab, bir-birini toʻldirib boradi: xonalar rivoji jarayonida kuy koʻlami kengayib, mazmunan boyib boradi. B.lar esa naqarot singari muayyan musiqiy fikrni taʼkidlaydi. Xona — B. munosabatlari maʼlum darajada Yevropa xalqlari musiqasidagi rondo shakliga oʻxshashdir. B. qonuniyatlarini oʻzbek mumtoz cholgʻu kuylari ashula yoʻllari (maqom taronalari), yaqin oʻtmish va zamonaviy bastakorlik ijodiyotida kuzatish mumkin. Ayrim kompozitor (Ik. Akbarov, F. YanovYanovskiy, M. Tojiyev, M. Mahmudov, M. Bafoyev)lar ham mazkur qonuniyatlardan ijodiy foydalanishgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Bozgoʻy" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil