Bozor muvozanati — bozordagi talab va taklifning miqdoran va tarkib jihatidan bir-biriga muvofiq kelishi. Bozor muvozanati bir lahzalik (oʻzgarmas taklifda), qisqa muddatli (tashkilot yoki firmalarning oʻzgarmas miqdori va ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishi) va uzoq muddatli (iqtisodiy shartsharoit tashkilot, firmalar va mavjud talabning zamonaviy darajasiga muvofiq kelganda) boʻlishi mumkin. Talab va taklif uzoq vaqt bir-biridan ajralib qolsa, Bozor muvozanati buziladi. Umuman olganda Bozor muvozanati hamma tovarlarga nisbatan va uzok, vaqt boʻlishi mumkin. Ammo juzʼiy va ayrim tovarlarga nisbatan moslikning buzilishi muqarrar. Chunki ehtiyojning yuksalishi bilan yangi talab paydo boʻladi va u darhol qondirilmaydi. Bozor muvozanati ni taʼminlashning asosiy yoʻllari: tovar ishlab chiqarishni talab darajasiga yetkazish orqali bozorni toʻydirish; yetarli tovarlar zaxirasini barpo etish; talabgir tovarlar narxini oshirish, oʻtmay turgan tovarlar narxini pasaytirish; eksport va importning ortishi yoki kamayishi; aholi daromadlarining tovarlar va xizmatlar koʻpayishiga qarab ortib borishi; mehnat unumdorligining ish haqiga nisbatan tezroq oʻsishi. Bozor muvozanati maʼrifatli jamiyatda narxlar bilan bozorni tartibga solish orqali taʼminlanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil