Bugʻ-gaz turbinali qurilma — bugʻ va gaz turbinalarining ish sikllari birlashtirilgan energetik qurilma. Unda ish jismi sifatida yoqilgʻining yonish mahsulotlari, qizdirilgan havo (gaz turbinasida), bugʻ (bugʻ turbinasida) yoki bir turbinaning oʻzida bugʻgaz aralashmasidan foydalaniladi. Afzalligi ish jismining boshlangʻich temperaturasi bugʻ turbinali qurilmalardagiga qaraganda ancha yuqori, tarmoqqa boradigan issiqlik temperaturasi esa gaz turbinali qurilmalardagidan ancha past boʻladi. Bugʻ-gaz turbinali qurilmaning bir necha sxemasi bor. Aralash sxemali qurilmalar eng koʻp tatbiq etiladi. Bularda yoqiladigan barcha yoqilgʻi (tabiiy gaz, mazut) ning faqat 20 foizi gaz turbinasining yonish kamerasiga beriladi. Tarkibida foydalanilmagan kislorod boʻlgan yonish mahsulotlari gaz turbinasidan oʻtib, bugʻ qozoni oʻchogʻiga keladi va u boshqa har xil sifatli yoqilgʻi bilan qoʻshilib yonadi. Bugʻ-gaz turbinali qurilma f.i.k. 32 % gacha boʻlgani holda nisbatan kam kapital mablagʻ talab etadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Bugʻ-gaz turbinali qurilma" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil