Bukrilik, bukirlik — umurtqa pogʻonasining qiyshayib, doʻppayib chiqib qolishi. B.ka bir yoki bir nechta umurtqalarning lat yeyishi, sil, raxit va boshqa kasalliklar tufayli shikastlanishi (qarang Spondilit), shuningdek goʻdakni juda erta oʻtirishga oʻrgatish sabab boʻladi. B. odatda koʻkrak qafasining qiyshayishi bilan kechadi. Umurtqa pogʻonasining sili oqibatida kelib chiqqan B.da bemorni ogʻriq, isitma bezovta qiladi, baʼzan bukri boʻlgan joydan yiring oqib, bir necha yilgacha bitmaydi. B.ning oldini olish uchun shikastlangan umurtqani oʻz oʻrniga tushirish, korset taqish, maxsus jihozlangan karavotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Bolalarni barvakt oʻtqizmaslik, orqa muskullarini massaj qilib turish kerak. Davo B.ka sabab boʻlgan asosiy kasallikni davolashdan iborat.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil