Butenev missiyasi
Butenev missiyasi — Buxoroga yuborilgan chor hukumati josuslik missiyasi (1841—42). Uning asosiy vazifasi Afgʻoniston va Eron orqali Turkistonga kirishga intilayotgan Angliyaga toʻsqinlik qilish, Buxoro xonligida Rossiyan ing iqtisodiy va siyosiy taʼsirini mustahkamlash, Buxoro tuprogining geologik tuzilishini oʻrganish va yer osti boyliklarini tekshirish, Buxoro xonligi bilan Rossiya oʻrtasida savdo va elchilik munosabatlarini mustahkamlovchi shartnoma tuzish, savdo-sotiqqa oid maʼlumotlar toʻplash, Buxoro va unga qoʻshni mamlakatlar toʻgrisida maʼlumot yigʻish kabilardan iborat edi. Butenev missiyasi tarkibida K. F. Butenev (elchi), F. Bogoslovskiy (togʻ injeneri), N. V. Xanikov (geograf), A. Leman (naturalist), Ya. Yakovlev (topograf), Plotnikov (sharqshunos), Chalpanov va Petrov (togʻ texniklari), K. Kozlov va Lepeshkov (oltin yuvuvchi mutaxassislar), Aitov (tarjimon) hamda oʻnta kazak boʻlgan. Butenev missiyasi 1841-yil 15-mayda Orenburgdan chiqib, 1841-yil 5 avgustda Buxoroga yetib keldi. Butenev missiyasi Zarafshon vodiysida koʻpgina geologik tekshirishlar olib bordi. Natijada yuqori Zarafshonda yer osti boyliklaridan: temir, mis, koʻmir, qoʻrgʻoshin, grafit, feruza va hatto oltin, kumush borligi aniqlandi. Ammo Butenev missiyasi ning Buxoro xoni bilan savdo va diplomatik shartnoma tuzish yuzasidan olib borgan muzokaralari uncha natija bermadi. Shunga karamay, Butenev missiyasi aʼzolari Buxoro toʻgʻrisida juda boy geografik, etnografik, tabiiy va tarixiy maʼlumot toʻpladilar. Topograf Ya. Yakovlev missiya bosib oʻtgan marshrutlar tarhini chizgan va Buxoro xonligining haritasini tuzgan. 1843-yilda N. V. Xanikovning "Buxoro xonligi tavsifi" kitobi bosilib chiqdi. K. F. Butenevning "Buxoro mineral boyliklari", "Buxorodagi poʻlat toblash usuli haqida mulohazalar", "Buxorodagi rus konchilik zavodlari mahsulotini sotishni rivojlantirish toʻgʻrisida" (1842) nomli ilmiy maqolalari hamda A. Lemanning nemis tilida 1841—42 yillarda Orenburgdan Buxoro va Samarqandga sayohati haqida asari bosilib chikdi.
4<E.: Solovyev M. M., Ekspeditsiya v Buharu v 1841—42gg., SPb, 1936;Muhammadjonov A. R., Neʼmatov T. N., Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doyr baʼzi manbalar, T., 1957.
Xondamir Gʻulomov.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |