Buxoro amirligi medallari

Buxoro amirligi medali

Buxoro amirligi medallari — Buxoro amirligidagi turli darajadagi amaldorlar, harbiylar, savdogarlarni taqdirlash uchun taʼsis etilgan medallar.

„G‘ayrati va xizmatlari uchun“ medali
„Urushdagi fidoyilar xotirasi uchun. Buxoroi Sharif. 1915-1916“ medali

XIX asr oxirida Buxoroda amir Abdulahadxon hukmronligi davrida ordenlar bilan birga quyi turuvchi mukofotlar — medallar joriy etildi[1]. Ular asosan oltin, kumush, bronza va misdan tayyorlangan. Medallar aylana shaklda bo‘lib, turli emallar va har xil yozuvlar tushirilgan. Yozuvda mukofotlanganning ismi va mukofotlanish sababi („G‘ayrati va xizmatlari uchun“) ham qayd etilgan. Medallarning asosiy xarakterli jihati shunda ediki, ularning usti xilma-xil emallarda qoplangan.

1908—1915-yillarda turli darajadagi mansabdor shaxslar oltin va emaldan yasalgan 1-darajali „G‘ayrati va xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlandilar[2]. Medallar uch darajali bo‘lib, Oliy darajali medal oltindan qilingan, sakkizburchak shaklda, qizil tasmada bo‘yinga taqilgan. Ikkinchi daraja medal oltindan ishlangan, halqa shaklda, qizil tasmada ko‘kragiga taqilgan. Keyinchalik ular bronzadan yasala boshlangan va sirti oltin bilan qoplangan. Uchinchi daraja medal kumushdan qilingan.

1915-yilda amir yana bir tomchi shaklidagi medalni taʼsis etadi. Bu medal: „Urushdagi fidoyilar xotirasi uchun. Buxoroi Sharif. 1915-1916“[3]. Ushbu medal harbiy xizmatga safarbar qilingan buxorliklarga berilgan. Bu medalning taʼsis etilishi bilan Buxoro amirligining mukofotlash tizimi shakllanishi yakunlandi.

Shunigdek, Buxoro amirligi tomonidan orden va medallarning qancha miqdorlarda berilganligi masalasi hozirgacha aniq emas. Buxoro amirligining koʻplab ordenlari bugungi kunda Ermitaj, Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi va mashhur muzeylar fondlarida saqlanmoqda[4].

Manbalar tahrir

  1. „100 великих наград“ (Rus tilida). 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  2. „Аукцион № 12 «Duodecima» :: Аукционный дом Знакъ“ (rus tilida). 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  3. Ольга Погорелова. „ОРДЕНА И МЕДАЛИ БУХАРСКОГО ЭМИРАТА“ (rus tilida). 2018-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
  4. „Знаки отличия Бухарского эмирата“ (rus tilida) (2010-yil 10-oktyabr). 2019-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.