Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi

Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey qoʻriqxonasi — Buxoro shahridagi muzey-qoʻriqxona; Buxoroning qadimiy tarixini, uning moddiy va maʼnaviy boyliklarini, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan oʻziga xos anʼanalarini saqlash, oʻrganish va targʻib qilish bilan shugʻullanuvchi muassasa. 1922-yilda Buxoro davlat muzeyi sifatida tashkil topgan. Keyinchalik turli nomlar bilan atalgan: Buxoro viloyat oʻlkashunoslik muzeyi (1940—45; 1969—83), Buxoro tarixiy oʻlkashunoslik muzeyi (1945—1969), Buxoro tarixiy-meʼmoriy muzeyi (1983—84), 1985-yildan muzey-qoʻriqxona, 1988-yildan hozirgi nomda.

Muzey-qoʻriqxona jamgʻarmasi 63 mingdan ortiq. Umumiy maydoni 8320 kv. m. Uning 6 ta filiali bor: Viloyat oʻlkashunoslik muzeyi (Arkda), xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi (Sitorai Mohi Xosada), Kamoliddin Behzod nomidagi sanʼat muzeyi (sobiq Azov banki binosida), Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi (19-asrdagi tarixiy binoda), Abu Ali ibn Sino memorial muzeyi (Peshku tumanidagi Afshona qishlogʻida), Romitan oʻlkashunoslik muzeyi (Romitan shahrida).

Muzey-qoʻriqxonaning 94 zalida 28 ta mustaqil ekspozitsiya Buxoroning rivojlanish bosqichlarini, jahon sivilizatsiyasi, maʼnaviy madaniyati va diniy qadriyatlariga qoʻshgan hissasi va hozirgi kunda erishilgan muvaffaqiyatlaridan hikoya qiladi. Arxeologik toʻplamlari orasida miloddan avvalgi 4—3-asrlar neolit davriga oid pichoqsimon tosh boʻlaklari (Darvozai Qir manzilgohi), jez davri madaniyatiga doir materiallar (Zamonbobo madaniyati), sak qabilalarining qabrlaridan topilgan buyumlar, fayansdan ishlangan haykalchalar (arslon va toshbaqa), buyumlar (saklar qozoni, isiriqdon va boshqalar), shuningdek miloddan avvalgi 5-asrdan milodiy 16-asrgacha dahldor manzilgoh/iap va shahristonlardan qazib olingan qadah, kosa va koʻzalar, zargarlik buyumlari, suyakdan ishlangan igna, toʻgʻnogʻich va boshqa buyumlar bor. Numizmatika toʻplami ham boy: yunon-baqtriya tangalari (miloddan avvalgi 3—2-asrlar), kushon tangalari (1—3-asrlar), sosoniylar tangalari (5-asr), buxorxudotlar tangalari (7—8-asrlar), somoniylar (9— 10-asrlar), qoraxoniylar (12-asr), temuriylar (14—15-asrlar), shayboniylar (16-asr), ashtarxoniylar (17-asr), mangʻitlar sulolasi davri (18—20-asr boshi) ga oid oltin tangalardan iborat. Buxoro kashtalari, soʻzanalari va zardoʻzlik buyumlari, Gʻijduvon kulolchiligi (10—20-asrlar), yogʻoch oʻymakorligi buyumlari (14—20-asrlar), 16—20-asrlarga oid xitoy va yapon chinnilaridan iborat toʻplamlar, noyob kitob va qoʻlyozmalar (1391—92 ylarga doir "Zikr.asar annabi") oʻrami, 1930—2000-yillarda ishlangan tasviriy sanʼat asarlari, oʻlka tarixiga oid 100 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir