Peshku tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. 1950-yil 15-aprelda tashkil etilgan. Maydoni 10,3 ming km2. Aholisi 129,3 ming kishi (2023). Aholi zichligi 1 km2.ga 13,1 kishi toʻgʻri keladi. Peshku tumanida 37 ta Mahalla fuqarolari yigʻini (Abu Ali ibn Sino, Bogʻimuso, Varaxsha, Jongeldi, Zandoni, Peshku, Chibogʻani, Yangibozor, Qalʼaimirishkor, Qoraqalpoq) bor[5]. Markazi — Yangibozor shaharchasi.

Peshku tumani
tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Yangibozor
Asos solingan sanasi 1950-yil
Hokim Qahhorov Vahob Hamidovich[1]
Aholi (2013) 107,5 ming
Zichligi 13,1 kishi./km²
Millatlar tarkibi oʻzbeklar — 80,27%
tojiklar — 16,19%
qozoqlar — 2,33%
turkmanlar — 0,28%
va boshqalar 0,93 %[2]
Maydoni 8,200 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 6535[3]
Avtomobil raqami kodi yangisi (80-84), eskisi (20)[4]
Rasmiy sayti http://peshku.buxoro.uz/
Xaritada
Peshku tumani xaritada
40°2′12″N 64°23′16″E / 40.03667°N 64.38778°E / 40.03667; 64.38778

Tarixi

tahrir

1959-yil 19-aprelda Vobkent tumani tarkibiga kiritilgan, 1978-yil 5-aprelda qaytadan tuzilgan. 1988-yil 5-sentabrda Romitan tumani bilan birlashtirilgan, 1989-yil 17-maydan yana alohida tuman maqomiga ega boʻldi.

Mahalliy toponimistlarning fikricha, tuman nomi („Peshku “) "Peshi koʻy — „Katta yoʻl ustidagi joy“ maʼnosini bildiradi va shu nomdagi qishloqqa nisbatan ishlatilgan. Keyinchalik tuman ham shu nom bilan atalgan. Bu atamaning „peshi koʻh“ — „oldindagi togʻ“ varianti ham bor.

Aholisi

tahrir

Aholisi 129,3 ming kishi, 80,27 foizi oʻzbeklar, 16,19 foizi tojiklar, 2,33 foizi qozoqlar, 0,28 foizi turkmanlar va qolgan 0,93 foizini boshqa millat vakillari tashkil qiladi. Aholi zichligi 1 km2ga 13,1 kishi toʻgʻri keladi.

Ijtimoiy soha

tahrir

Tumandagi 48 umumiy taʼlim maktabida 23,027 oʻquvchi taʼlim oladi. 2 kollej (Peshku sanoat, transport, aloqa va qishloq xoʻjalik kollejlari, 1060 oʻquvchi) ishlab turibdi. 32 kutubxona, buyuk alloma ibn Sino yurti Afshona qishlogʻida Abu Ali ibn Sino muzeyi bor. Tumandagi 300 oʻrinli kasalxona va boshqa tibbiy muassasalarda 126 vrach ishlaydi. 1979-yildan „Peshku ovozi“ gazetasi chop etiladi (adadi 1000).[6]

Georafiyasi

tahrir

Peshku tumani viloyatning markaziy qismida joylashgan va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishi boʻylab uning eng shimoliy chekkasigacha 250 km masofaga choʻzilgan. Shimoldan Navoiy viloyati, shimoli-garbdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shimoliy-sharq va sharqdan viloyatning Shofirkon, Vobkent tumanlari, janub va janubi-sharqdan Romitan, Jondor tumanlari bilan chegaradosh.

Tabiati

tahrir

Tuman hududi, asosan, tekislikdan iborat. Faqat, Quljuqtovga tutash yerlarida relyefi bir oz murakkab va bu yerdagi past togʻlarning balandligi 785 m ga yetadi. Bu viloyatdagi eng baland joydir. Peshku tumanining 4% ga yaqin maydoni Buxoro vohasidagi sugʻoriladigan yerlardan iborat, qolgan qismi turli tipdagi choʻl yaylovlaridir. Tumanning voha qismida madaniy tuproqlar, choʻl zonasida sur tusli qoʻngʻir, choʻl qumli, qumloq, taqir, taqirsimon va shoʻrxok tuproqlar uchraydi. Quljuqtov etagidagi quruq oʻzanli Daryosoy vodiysida taqirsimon tuproqdar katta maydonni egallagan. Qumli joylarda oq saksovul, quyonsuyak, qandim, partak, patloq, cherkez, gipsli choʻllarda shuvoq, isiriq, sassiqkovrak, qizilcha (efedra), tuyatovon, etalak, karrak oʻsadi. Choʻllarda sut emizuvchi hayvonlar, Qorakoʻl koʻli atrofilarida esa suv boʻyi qushlar yashaydi. Qoraqir tashlama koʻli va koʻl sohili, suv boʻyi qushlari va nodir hayvonlarni qoʻriqlash maqsadida, buyurtma hudud deb eʼlon qilingan.

Iqlimi

tahrir

Iqlimi subtropik belgilarga ega boʻlgan keskin kontinental choʻl iqlimi. Tuman hududi shimoli-gʻarbga choʻzilganligi tufayli iqlimida sezilarli hududiy farqlanishlar bor. Yanvar oyining oʻrtacha harorati janubida 0° atrofida, shimolda —2°,—3 °C, iyulniki 28—31,5 °C. Yillik oʻrtacha yogʻin 100-130 mm., Quljuqtovda 200 mm, togʻning shimoli-gʻarbiy etagidagi pastkamliklarda 75 mm. Vegetatsiya davri 200— 205 kun. Yil davomida shamol esadi. Shamollar yil davomida aksariyat janubda, janubi-gʻarb yoʻnalishga ega. Shamollar yil davomida aksariyat janub, janubi-gʻarb yoʻnalishga ega.

Ichki suvlari

tahrir

Tuman choʻl zonasida joylashgan, doimiy oqar suvlar yoʻq. Ekinzorlar Amu—Buxoro mashina kanalining shimoli-gʻarbiy tarmogʻidan sugʻoriladi. Tuman hududidan qoʻshni tumanlarga kirib keladigan oqova suvlar Shimoli-gʻarbiy kollektor orqali suv boʻyida yashovchi qushlarning yirik maskani boʻlgan Qoraqir koʻliga (maydoni 23,7 km2) oqiziladi.

Xoʻjaligi

tahrir

Tumanda paxtachilik, gʻallachilik, sabzavot va polizchilik, chorvachilik bilan shugʻullaniladi. Oʻrmonchilik, ipakchilik yoʻlga qoʻyilgan. Sanoat korxonalari faoliyati qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta iishash bilan bogʻliq. Paxta tozalash zavodi, 2 avtokorxona, 427 kichik, 2 kooperativ, bitta xoʻjaliklararo korxona bor. Oʻzbekiston—Belarus „Peshku-teks“ qoʻshma korxonasi mavjud. Avto yoʻllar uzunligi 392 km. Tumanda 15 shirkat xoʻjaligi, 487 dehqon-fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Sugʻoriladigan yerlar maydoni 22,3 ming ga, shu jumladan, 10,5 ming ga yerga paxta, 5 ming ga yerga don, boshqa yerlarga poliz, sabzavot, kartoshka, ozuqa va boshqa ekinlar ekiladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 38 mingdan ziyod qoramol, 104,8 ming qoʻy va echki, 1892 tuya, 518 ot, 21450 parranda boqiladi.

Manbalar

tahrir
  1. Buxoro viloyati Peshku tumani hokimligi, 2019-01-14da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2019-01-13
  2. VILOYAT HAQIDA - SHAHAR VA TUMANLAR, 2019-05-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2014-04-09
  3. Телефонные коды городов Узбекистана
  4. Индекс автомобильных номеров Узбекистана
  5. СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований, 2012-08-28da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2014-04-09
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil