Echki — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli kavsh qaytaruvchi hayvon. Echki turli iqlimsharoitga tez moslasha olishi tufayli dunyoning koʻplab mamlakatlarida uchratish mumkin. Xonaki Echkilar yovvoyi bezoar va burama shoxli echkilardan tarqalgan deb hisoblanadi. Echkilar dastlab xonakilashtirilgan mahsuldor hayvonlar jumlasiga kiradi. Anov (Ashxobod yaqini)da topilgan qazilmalar Echki Oʻrta Osiyoda mil.dan bir necha ming yil avval boqilganini koʻrsatadi. Echki, asosan, sut, goʻsht, jun, tivit, teri va boshqalar uchun boqiladi. Oʻrtacha 9—10 yil (baʼzilari 17 yilgacha) yashaydi, xoʻjalikda 7—8 yil foydalaniladi. Uloqlari 5—8 oyligida jinsiy yetiladi, 14—18 oyligida qochiriladi. Boʻgʻozlik davri 5 oyga yaqin. Xonaki zotlarining koʻpi serpusht: har 100 bosh urgʻochi echkidan 150—250 uloq olinadi. Yaxshi ozuqa sharoitida asrab boqilganda yiliga 2-marta bolalaydi. Takalarining tirik vazni 60–65 kg dan 100 kg gacha, urgʻochilariniki 40–60 kg. Olinadigan mahsulotga qarab tivit, jun, goʻsht, sut, teri, moʻyna va aralash mahsulotlar beradigan Echki zotlari bor. Sersut zotlaridan yiliga oʻrtacha 450–550 kg gacha sut sogʻib olinadi. Sutining yogʻliligi 3,8—4,5%. Serjun zotlar juni uz. 15—18 sm, takalaridan 4–6 kg, urgʻochilaridan 3–5 kg dan jun qirqib olinadi. Sertivit zotlaridan 0,2—0,5 kg dan 2 kg gacha tivit tarab olish mumkin. Yaxshi boqilgan katta yoshdagi Echki 20–28 kg goʻsht va 4–6 kg yogʻ, 7—10 oylik Echkilar esa 12 kg goʻsht va 1,5 kg yogʻ beradi. Echki oʻlat, chechak va sil kasalliklarini yuqtirmasligi, oqsil va yengil oʻzlashtiriluvchi yogʻlarga boy sut berishi bilan eʼtiborli. Echki sutida mis, rux, marganets, yod, kumush va boshqalar shu kabi mikroelementlardan tashqari kamqonlikning oldini olishda muhym ahamiyatga ega boʻlgan kobalt moddasi nisbatan koʻp uchraydi. Oʻzbekistonda jaydari (qora junli) echkilardan tashqari angor echkisi, zaane echki zoti, orenburg echki zoti va boshqalar boqiladi. Oʻrta Osiyoda 20-asrning 30—60-yillarida mahalliy dagʻal junli echkilarni angor zoti takalari bilan chatishtirib serjun echki zoti chiqarilgan.

Gorges du Verdon Goat-Rove-brown 0255-1.jpg

Yana q.Tahrirlash