Buxoro tasviriy sanʼat muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1982-yilda tashkil etilgan.

Buxoro tasviriy sanʼat muzeyi
Buxoro tasviriy sanʼat muzeyi
Asos solingan sanasi 1982-yil
Manzili Buxoro shahar
Sayti https://www.bukharamuseums.uz

Muzey tarixi

tahrir

Buxoro tasviriy sanʼat muzeyi 1982-yilda Oʻzbekiston SSR markaziy komiteti birinchi kotibi Sharof Rashidov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Muzey binosi ikki qavvatli boʻlib, 1912-yilda rus injeneri Margulis va arxitektori Sakovichlar loyihasiga asosan qadimgi Shohrud arigʻi ustida murakkab meʼmorchilik inshooti sifatida rus savdogari va mesenati Savva Morozov firma magazini va Azov-Don banki boʻlimi sifatida qurilgan. Ushbu binoda sovetlar toʻntarishidan keyin 1980-yilgacha davlat banki joylashgan. Maxsus taʼmirlangan binoda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi qarashli 3 ta mustaqil boʻlim tashkil qilingan boʻlib, birinchisi Buxoro Tasviriy sanat muzeyi boʻlimi, ikkinchisi Tarixiy qoʻlyozmalar ilmiy markazi, uchinchisi Foto va hujjatlar fondi hisoblanadi[1].

Ekspozitsiya boʻlimlari

tahrir

Muzey 3 ta ekspozitsiyadan tashkil topgan boʻlib, birinchisi XX asr tasviriy sanat ekspozitsiyasi, ikkinchisi Buxoro zargarlik sanʼati koʻrgazmasi, uchinchisi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi ekspozitsiyasi. 1930-yillarda muzey kolleksiyasiga Pavel Benkov polotnolari, 1946—1949-yillarda M. I. Kurzin kartinalari va xalq ustalari portretlari, xalq ustasi mashhur zargar va miniaturachi Sadriddin Pochchaev (1870—1948) miniaturalari sotib olingan. 1957-yilda Oʻzbekiston rassomlarining Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyidagi rasmlari toʻplami, 1960, 1962 va 1982-yillarda Oʻzbekiston SSR Rassomlar Direksiyasi koʻrgazmasi fondidan rasmlar, grafika asarlari sotib olingan. 1965 va 1972-yillarda Buxoroning havaskor rassomi Hasan Boboev asarlari, 1970-yilda G.V. Sobolev — Melexovning mashhur etyudlari sotib olingan. Sharqshunos olim arxeolog va etnograf S. N. Yurenev kolleksiyasidan olingan etyudlarning katta qismi 1960-yillarning boshlariga toʻgʻri keladi. 1970-yillarning oxiridan boshlab Buxoroda mahalliy rangtasvirchi va grafiklar B. Salomov, N. Boboev, A. Hazratov, M. Abdullaev, A. Barnoev, Z. Saidjonov, P. Gulkorovlar ish boshlagan. Ularning badiiy asarlari muzey kolleksiyasiga sotib olinib, Buxoro rassomlari boʻlimiga asos solingan[2].

Manbalar

tahrir
  1. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223-bet. 
  2. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96-bet.