Bosh menuni ochish

Buxoroda 1917-yil aprel namoyishi

Buxoroda 1917 yil aprel namoyishi — amir Olimxonnij islohotlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoni (manifesta) eʼlon qilingan kunning ertasiga — 8 aprelda uyushtirilgan tadbir. Yosh buxoroliklar, aholining koʻpchilik qismi mamlakatda demokratik islohotlar oʻtkazishni talab qilgan. Rossiyadagi muvaqqat hukumat, uning Buxorodagi vakili (rezidenti) ham Rossiyadagi 1917 yil Fev. revyasidan keyin Buxoroda islohotlar oʻtkazish fursati yetganini tushungan edilar. Amirning yuqori mansabdorlari, islom dini ruhoniylarining mutaassib qismi islohotga qarshi edi. Amir manifestining eʼlon qilinishi demokratik hamda konservativ kayfiyatdagi namoyishchilarning koʻchaga chiqishiga sabab boʻldi. Demokratik doiralar amir manifesti mamlakatda tinch yoʻl bilan ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun dastlabki qadam, deb karadilar. Shukrona namoyishi oʻtkazishga qaror qilindi. "Yashasin islohot!", "Yashasin amir!" — degan yalov (shior) lar koʻtarildi. Bir necha yuz kishi shahar markazi — passajdan Gavkushon va Xiyobon orqali Registonga yurish boshlashdi. Namoyishchilar boshida F. Xoʻjayev, Abdulvohid Burhonov, Otaxoʻjayev, Mirbobo, Yusufzoda va boshqa faollar bordilar. Bir necha joyda qisqa mitinglar boʻldi, namoyishchilarga yangiyangi guruh odamlar kelib qoʻshildi. Namoyishchilarda koʻtarinki kayfiyat mavjud edi. Shu kuni konservatorlar va mutaassib guruhlar Registonda toʻplanib islohotga, yangiliklarga qarshi jangarilik va murosasizlik kayfiyatlarini koʻrsatdilar. Baʼzi amaldorlarga nisbatan, islohot tarafdorlariga qarata dushmanona dagʻdagʻalar, hayqiriqlar qilindi. Ularning jazavasi soat sayin kuchayib bordi. Bunday murakkab vaziyatda ikki lagerning toʻqnashuvi noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Demokratik namoyishchilar boshliqdari Registonga borish niyatidan qaytdilar, namoyishchilarni tarqalib ketishga daʼvat qildilar. Tadbir oxirigacha yetkazilmagan boʻlsada, u Buxoro amirligi demokratik oʻzgarishlar, islohotlar uchun yetilganligini yaqqol koʻrsatdi. 8 aprel voqealarining yakuni shu boʻldiki, hukumatda konservativ kuchlar yana ustunlikka erishdilar. Dovdirab kalgan amir qozikalon Sharifjon Mahdumni lavozimidan boʻshatdi, gʻazablangan mutaassiblar rais Abdusamadxoʻjani olomon qilib oʻldirdilar, qushbegi Nasrullobek buyrugʻi bilan shoir S. Ayniy, yosh buxoroliklar Mirbobo, Mirzo Nazrullo 75—150 kaltak urib jazolandilar. Islohotchilik harakatining bu bosqichi shunday noxush yakunlandi.

AdabiyotlarTahrirlash

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Fayzulla Xoʻjayev, Tanlangan asarlar, 1j., T., 1976.; Ishanov A. I., Buharskaya Narodnaya Sovetskaya Respublika, T., 1969.

Rahmon Karimov.