Buyrak sanchigʻi — buyrakning ayrim kasalliklari belgisi. Birdaniga belda qattiq ogʻriq turadi, baʼzan u chov sohasiga, songa, jinsiy aʼzolarga tarqaladi. Ogʻriqning zoʻridan bemor oʻzini qoʻygani joy topa olmay qoladi. Baʼzan sanchiq vaqtida kasal botbot siyadi (bu toshning siydik nayining qovuq oldi yoki qovuq ichida turganini bildiradi), qayt qiladi, yel chiqmaydi, qorni dam boʻladi, harorati koʻtariladi, taxikardiya, qonda leykotsitoz, ECHT tezlashadi. Buyrak sanchigʻi koʻpincha siydiktosh kasalligida, siydik yoʻllarida tuzlar toʻplanib qolganda, gidronefroz, nefroptoz, buyrak sili hamda siydik nayi va buyrakning boshqa kasalliklari natijasida yuzaga keladi. Buyrak sanchigʻi ni oʻzga xastaliklardan farqlashda urografiya juda qoʻl keladi. Sanchiq qayerda va qay tarzda boʻlishidan qati nazar darhol tez yordam chaqirish lozim. Chunki qorin boʻshligʻining boshqa oʻtkir jarrohlik kasalliklarida ham shunday sanchiq boʻlishi mumkin. Bunday hollarda kasallikni aniqlamasdan turib, oʻz bilgicha issiq yoki turlicha dori-darmonlar qilish yaramaydi, aks holda tuzatib boʻlmaydigan ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. "Tez yordam" kelguncha papaverin, noshpa yoki platifillin tabletkalarini berish yoki inʼyeksiyalarini qilish mumkin.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Buyrak sanchigʻi" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil