Xalqlarning buyuk koʻchishi

(Buyuk ko‘chishdan yoʻnaltirildi)

Xalqlarning buyuk koʻchishi – Yevropada mil. IV-VI asrlarda germanlar, slavyanlar, sarmatlar va boshqa qabilalarning Rim imperiyasi xududiga oʻtishidan iborat yalpi etnik koʻchishlarning shartli nomi. IV asrning 70-yillaridan boshlab xunnlarning ommaviy ravishda gʻarbga siljishlari xalqlarning buyuk koʻchishiga bevosita turtki boʻlgan. Xunnlar Uralboʻyidan yurish boshlab taxminan 370-yil Volgani kechib oʻtganlar, soʻngra boʻysundirilgan alanlar bilan birga Shimoliy Qora dengiz sohillarida yashovchi gotlarga hujum qilganlar (375). 376-yil kuzida xunnlar tazyiqiga bardosh berolmagan vestgotlarning bir qismi Rimning ruxsati bilan imperiyaga tegishli Dunayning jangidagi hududga joylashganlar. Biroq hukumat amaldorlarining zoʻravonligi natijasida vestgotlar 377-yil qoʻzgʻolon koʻtarganlar. 378-yil 9-avgustda Rim qoʻshini Adrianopol yaqinida qoʻzgʻolonchilar tomonidan tormor keltirilgan. Gotlar, alanlar va xunnlarning imperiyaga tazyiqi toʻxtatilgan, lekin gotlar Dunay daryosi va Bolqon togʻlari orasidagi hududda Rim federati sifatida yashay boshlagan, Rim armiyasida varvarlashuv jarayoni kuchaygan. IV asr oxiridan varvarlar tazyiqi yangidan avjga chiqqan. 394-395-yillar qishida gunnlar Suriya va Kappadokiyada chopkun uyushtirganlar. Vestgotlar Alarix I boshchiligida Yunonistonni talontoroj etib, Illirikada muqim oʻrnashganlar. 410-yil 24-avgustda ular Rimni egallab, uni talaganlar. Garchi gotlar 27-avgustda yoq Rimdan ketgan boʻlsalarda, „abadiy shahar“ning kulashi ulkan maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlgan. V asr mobaynida german qabilalari Gʻarbiy Rim imperiyasining butun hududi boʻylab joylashib, bu yerda bir necha varvar qirolliklarini barpo etganlar. Xususan, Galliyaning janubi-gʻarbida markazi Tuluza shahri boʻlgan Vestgot qirolligi (418-yil; u keyinchalik Ispaniyaga ham tarqalgan), Shimoliy Afrikada Vandallar qirolligi (429—439), Italiyada Ostgotlar kirolligi (493), Shimoliy Galliyada Franklar qirolligi (476-yil; keyinchalik u koʻplab varvar kirolliklarini tobe etgan, qarang Frank davlati), Galliyaning janubi-sharqida markazi Lion shahri boʻlgan Burgundlar qirolligi (taxminan 457 yil); angllar, sakslar, yutlar V asr oʻrtalaridan boshlab Britaniyani bosib ola boshlaganlar va VI asr oxiri – VII asrda bu yerda oʻzlarining bir qancha qirolliklarini barpo etganlar. V asr boshida Oʻrta Dunay (Pannoniya)da oʻrnashib olgan gunnlar Attila davrida (434—453) Galliya va Italiyani egallashga harakat qilganlar. Biroq Katalaun jangi (451)dan soʻng ularning ittifoqi parchalanib ketgan. Imperator Yustinian I davrida Sharqiy Rim imperiyasi (Vizantiya) varvarlardan Shimoliy Afrika, Italiya va Ispaniyaning bir qismini qaytarib olib, bu yerlarda Rim tartibotlarini qisman tiklashga erishgan. Xalqlarning buyuk koʻchishining soʻnggi bosqichi VI asr oxiri – VII asrlarga toʻgʻri kelgan. 568-yil langobardlar Shimoliy va Oʻrta Italiyada muqim oʻrnashganlar. Slavyanlar – avarlar va protobolgarlar (bulgʻorlar) koʻmagida Bolqon yarim orolda mustahkam joylasha boshlashgan, natijada VII asrga kelib bu hudud aholisi, asosan, slavyanlardan iborat boʻlib, ular oʻz knyazliklarini tuzganlar, Slavyanlarning bir qismi Kichik Osiyoga, Vizantiya imperiyasi hududiga borib joylashgan. Slavyanlar gʻarbga – alemannlar va sakslar egallagan hududlarga qadar tarqalishgan. Xalqlarning buyuk koʻchishining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy oqibatlari juda ulkan boʻlgan. U Gʻarbiy Rim imperiyasining qulashiga olib kelgan.

Manbalar

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Udaltsova 3. V., Italiya i Vizantiya v VI v., M., 1959.