Jahon iqtisodiy inqirozi yoki Buyuk depressiya( 19291933 yillar)-Ushbu iqtisodiy inqiroz “Buyuk depressiyasi” nomi bilan mashhur boʻlib, oʻzining juda katta salbiy oqibatlari va dunyo iqtisodiyotiga koʻrsatgan ijtimoiy-iqtisodiy zararining koʻlamdorligi bilan eng koʻp oʻrganilgan hamda koʻplab tadqiqotlar olib borilgan inqirozlardan biri boʻlib hisoblanadi.

Inqiroz iqtisodiy faollikning keskin pasayganligi, asosiy jahon valyutalarining oltin standartidan voz kechganligi, ishsizlar sonining keskin oshganligi va oʻzining iqtisodiyotga koʻrsatgan zarari, isteʼmol hajmining pasayib ketganligi bilan tarixda chuqur iz qoldirgan[1].

Inqirozning boshlanishi

tahrir

Mazkur inqiroz Nyu-York fond birjasida sodir boʻlgan tanazzuldan boshlangan boʻlib, maʼlumotlarga koʻra 1929-yilning 28-29-oktyabr kunlari birjaning asosiy indekslari birdaniga 25 foizga pasayib ketishi sodir boʻlgan. Ushbu holatni bartaraf etish va oldingi holatga keltirish uchun qilingan saʼy-harakatlarga qaramasdan narxlarning qulashi davom etavergan. 1933-yilda oʻzining yuqori choʻqqisiga chiqib, Dou-Djons indeksining 83 foizga pasayishi, yaʼni 365 dan 63 punktga pasayib ketganligiga qayd etilgan. Mazkur holat asta-sekinlik bilan butun Amerika iqtisodiyotini, xususan, tarmoq va sohalarning butunlay parokanda boʻlishiga olib kelgan[1].

Ilk oqibatlari

tahrir

Fond birjasining tanazzulidan bir yil oʻtar-oʻtmas tijorat banklarining birma-bir yopilishi sodir boʻla boshlagan. 1929-1933-yillar oraligʻida AQSHda 9000 tijorat banki oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan. Oʻsha paytda faoliyat yuritgan korxonalarning 2/3 qismi yopilib, moliyaviy tizim qariyb majruh holga tushib qolgan edi. Buning oqibatida xalqaro kapitallarning ayirboshlanishi va harakatining izdan chiqishi vujudga keladi[2].

Iqtisodiy ahvol

tahrir

1929-1933-yillar oraligʻida AQSHning yalpi ichki mahsuloti 46 foizga, isteʼmol tovarlari narxi indeksi esa, 32 foizga pasaygan. Fermerlarning talafoti esa, boshqa tarmoq va sohalarga qaraganda yana-da ayanchliroq kasb etib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi 60 foizga pasayib, iqtisodiyotda ishsizlar soni oʻzining misli koʻrilmagan darajasiga yetib keladi. 1933-yil holatiga jami mehnat resurslarining 25 foizi oʻz ish oʻrinlaridan ayrilib, ishsizlar armiyasini yuzaga keltirgan edi[2].

1930-yilning iyulida Amerika iqtisodiyotini tashqaridan kirib kelayotgan tovar va xizmatlar va kuchli raqobatdan himoya qilish maqsadida import uchun Smuta-Xouli boji kiritilgan edi. Ushbu davlat bojining oʻrtacha qiymati barcha kirib kelayotgan tovar va xizmatlar uchun 40 foiz qilib belgilangan edi. Kuchli proteksionizm siyosati va davlat bojlarining yuqori stavkada belgilanishi oqibatida Yevropa mamlakatlarining iqtisodiyotiga ham asta-sekinlik bilan taʼsir koʻrsata boshlaydi.

Boshqa mamlakatlarga ta'siri

tahrir

Birinchilardan boʻlib, oʻsha paytda AQSH bilan oʻzaro savdo aloqalari katta boʻlgan davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya mamlakatlari iqtisodiyoti katta talofat koʻra boshlaydi. Inqiroz mobaynida (1929-1933 yillar.) sanoat ishlab chiqarish hajmi Buyuk Britaniyada 24 %ga, Germaniyada 41 %ga va Fransiyada 32 foizga pasayishi sodir boʻlgan edi. Buning natijasida ushbu korxonalarning aksiyalari qiymati Buyuk Britaniyada 48 %ga va Fransiyada 60 foizga pasayib ketadi.

Yevropaning eng yirik davlatlarida sodir boʻlgan inqiroz butun Yevropani qamrab ola boshlaydi. Statistik koʻrsatkichlarning guvohlik berishicha, sanoat ishlab chiqarish indeksi Chexoslovakiyada – 40 %, Polshada – 45 %, Yugoslaviyada – 50 %ga pasayib ketadi. Bundan ham yomoni mazkur inqiroz ijtimoiy xarakter kasb etib, ommaviy ishsizlikni ham keltirib chiqaradi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra 1933-yilda 32 ta mamlakatga oʻz taʼsirini oʻtkazgan Buyuk depressiya oqibatida ishsizlar soni 44 mln. kishini tashkil etgan boʻlsa, shundan 14 mln. nafari AQSHga toʻgʻri kelgan.

Salbiy oqibatlari

tahrir

Jahon iqtisodiy inqirozi qariyb 10 yil davom etadi. Bu oʻz navbatida mamlakatlar iqtisodiyotini izdan chiqarishi bilan birga, ularning siyosiy tizimlarga ham jiddiy taʼsir koʻrsata boshlagan edi. Ushbu yillarda bozorni egallash uchun nohalol kurashlar, xalqaro savdo erkinligiga har tomonlama tajovuzlar, import tovarlari uchun belgilangan davlat bojlari va kvotalarning avj olganligi, savdo va valyuta urushlari, demping siyosatining qoʻllanishi kabi bozor iqtisodiyotiga zid boʻlgan chora-tadbirlarning tatbiq etilishi natijasida davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro nizolarning illat olishi va kuchlilarning kuchsizlar ustidan hukmronlik oʻrnatishi bilan bogʻliq gegemonlik ishtahalarining yuzaga keltirishiga sabab boʻlgan.

Va buning oqibatida millatchilik, kommunistik va fashistik qarashlar, harakatlarning yana-da urchishi, shuningdek, dunyo sahnasida Adolf Gitler kabi dohiylarning yuzaga kelganligini tarix yaxshi eslaydi. Alaloqibat, Amerikada boshlangan “Buyuk depressiya” Yevropa maydonlarida ikkinchi jahon urushining boshlanishiga olib keladi.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Sherzod ­MUSTAFOQULOV. „Jahon iqtisodiy inqirozlari: fermerlar, choʻyan, birjalardan tortib Dou Jonsgacha“. xalq so'zi (1-aprel 2021). 2023-yil 15-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 15-aprel 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 Jo'rayev.T.T. Iqtisodiyot nazariyasi. Toshkent: Fan va Texnologiyalar, 2018-yil — 340-bet.