Boʻzgontepa, Buzgontepa — arxeologik yodgorlik (milodiy 1—16-asrlar). Toshkent shahrining sharqiy chekkasida (Chingeldi degan joyda), Chirchiq daryosining oʻng sohilida joylashgan istehkomsiz arkli qishloqharobasi. 1949-yil I. Baishev va M. Masson tomonidan qayd qilingan. 1978—79 yillarda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (I. A. Ahrorov, Oʻ. Alimov) B.ning 1—3-asrlardan mavjudligini va Hovunchi madaniyatiga mansub dehqonchilik qishlogʻining harobasi ekanini aniqladi. 3-asrda xom gʻishtlardan bino qilingan mudofaa devori arkning mustahkam fortifikatsiya inshooti boʻlib qolgan. U 6— 8-asrlarda qoʻshimcha tashqi mudofaa devorlari bilan bir necha bor mustahkamlanib, Chirchiq sohilida Choch poytaxti va uning dehqonchilik vohasini shim.sharq tomondan keladigan koʻchmanchilardan toʻsib turgan muhim istehkomga aylangan. 8-asr 1choragida arab fotixlari tomonidan vayron qilingan. 10—12-asrlarda qayta tiklanib, Movarounnahrdan oʻtgan savdo yoʻlining shim. qismidagi muhim qarorgohdan biriga aylangan. Bu davrda u arab manbalarida Jabgʻukash deb atalgan va Choch poytaxti Binkatdan 2 farsax uzoklikda Chirchiq sohilida joylashgan. 13-asr boshida moʻgʻullar bosqini vaqtida vayron boʻlgan. B. 14-asr oxiri — 15-asrdan qayta tiklanib, Sharq mamlakatlariga boradigan savdo yoʻlidagi soqchilik qarorgohlaridan biri sifatida vodiyda muhim rol oʻy nagan.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Boʻzgontepa" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil