Chet el fuqarolariOʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxslar[1].

Chet el fuqarolariga siyosiy boshpana berish tartibi

tahrir

Oʻzbekiston Respublikasida siyosiy boshpana chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari asosida, ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq beriladi. Siyosiy boshpana oʻz fuqaroligi boʻyicha mansub boʻlgan mamlakatda yoki doimiy yashash joyida ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy eʼtiqodi, irqiy yoki milliy mansubligi uchun taʼqib qilinishdan yoki taʼqibning jabrlanuvchisi boʻlishiga real tahdiddan, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan inson huquqlari buzilishlarining boshqa hollaridan boshpana va himoya izlayotgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga, shuningdek ularning oila aʼzolariga beriladi. Oʻzbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Chet el fuqarolarining erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi

tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish, turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv oʻtkazishi yoki uni koʻzdan kechirishi, yozishmalar va telefonda soʻzlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolariga nisbatan faqat Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari asosida protsessual majburlov va maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan chet el fuqarolariga ularning huquqlari hamda ushlab turilishiga yoxud qamoqqa olinishiga sabab boʻlgan holatlar toʻgʻrisida xabar qilinishi kerak.

Manbalar

tahrir