Choʻbin guzari masjidi — Qarshi masjidi. Qadimiy masjidlardan edi. Unga tegishli vaqf hujjatlaridan biri Toʻqidoʻzon masjidi vaqfi bilan birga kelgan. Zohid xoja ogʻoliq, qizi Bibi Soliha oyim Qoʻrgʻonchadagi uch tanob xurri xolis yeridan keladigan daromadni 10 qismga boʻlib, uning 5 qismini Choʻbin masjidiga beradi. Oʻsha besh qismdan 1 hissasi Choʻbin guzari tahoratxonasiga ajratiladi[1]. Tahoratxona gʻarbdan omma yoʻli, shimoli Choʻbin masjidi, sharqi berk koʻcha, Arabshoh oʻgʻli usta Rajab shayx hovlisi va janubi usta Muhammad Ali oʻgʻli Soʻfi Roziq, hovlisi bilan chegaradosh edi. Yana bir hissa muborak Ramazon oyida Qur’on xatm qiluvchi qoriga beriladi. Qolgan 3 hissani mutavalli masjid imorati ehtiyoji va unga chiroq hamda toʻshamchi sotib olish uchun sarflanadi. Ortganidan masjid imomi 2 va muazzin 1 hissa haq oladi. Agar voqif tayinlagan mutavalli vafot etsa va uning avlodlaridan ham hech kim qolmasa, bu vazifani masjid imomi bajaradi. Hujjatda koʻrsatilishicha, Choʻbin masjidi shahar ichkarisida xom gʻisht va yogʻochdan qurilgan boʻlib, ganch bilan suvalgan. Uning Gʻarb va shimol tarafida omma yoʻli; sharqi Arabshoh oʻgʻli usta Rajabshoh hovlisi; janubi mazkur guzar tahoratxonasi bilan chegaradosh edi. Choʻbin masjidiga oid yana bir vaqf hujjati boʻlib, u Bibi Soliha oyimnikidan sakkiz yil oldin tuzilgan. Unda koʻrsatilishicha: „Hijriy 1221-yili safar oyida mulla Yaʼqub oʻgʻli mulla Yodgor Chubin guzari masjidi unun Maʼsumobod mavzesidagi bir yarim tanob yerini vaqf qiladi“. Choʻbin guzari masjidi sovet inqilobi davrida vayron boʻlgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639-bet.