Bessemer jarayoni, choʻyanni bessemerlash—yoqilgʻi ishlatmay suyuq choʻyandan poʻlat olish usuli. Ingliz ixtirochisi G. Bessemer taklif kalgan (1856). Kislota asosidagi oʻtga chidamli gʻishtdai terilgan konverter (bessemer konverteri)da amalga oshiriladi. Konverterni gorizontal vaziyatga keltirib, unga suyuq choʻyan quyiladi, soʻngra ostidagi teshikdan havo haydalib, bosimi astasekin orttira boriladi. Konverter vertikal vaziyatga kelganda bosim 2—2,5 at ga yetkaziladi. Suyuq choʻyan qatlamidan havo oʻtib, choʻyandagi qoʻshimchalar (kremniy, marganes, uglerod) oksidlanadi va ancha issiqlik ajraladi, natijada metalldagi qoʻshimchalar kamayadi va temperatura koʻtariladi. Konverterdagi metall temperaturasini va kimyoviy tarkibini oʻzgartirib, reaksiyalarni boshqarib turish mumkin. Bessemer jarayoni da poʻlat 3 bosqichda olinadi. Bessemer jarayoni 15—20 min. davom etadi. Maxsus ruda kerakligi, kislorodkonverter jarayoni taraqqiy etishi bilan Bessemer jarayoni avvalgi amaliy ahamiyatini yoʻqotgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil