Chu-Ili togʻlari
Chu-ili togʻlari - Janubiy Qozogʻistondagi yemirilgan past togʻli oʻlka. Jan.sharqda Orqa Ili Olatovi, shimoli-gʻarbda Betpaqdala bilan tutashadi. Jan.sharqiy qismi Aytov (eng baland joyi 1800 m — Ch.Chu-Ili togʻlarining eng baland qismi) deb nomlanadi. Aytovning janubi-gʻarbiy yon bagʻri tik, shimoli-sharqiysi yotiq. Uning sharqida Qorauy platosi, shimoli-sharqida Xontov joylashgan (eng baland joyi 1200 m). Xontovning shimoli-gʻarbidagi yemirilgan past togʻli Jeltov Betpakdalaga tutashadi. Aytovning janubidagi Kopii botigʻi uni Kandiktos togʻidan ajratib turadi. Ch.Chu-Ili togʻlari qadimiy togʻlar boʻlib, zamini, asosan, paleozoy, usti mezokaynozoy yotqiziklari (slanets, granit, ohaktosh, gipssimon jinslar, qumtoshlar) dan tashkil topgan. Qishi sovuq, yozi quruq va issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —14°, —15°, iyulniki 23°—25°. Yiliga 350–400 mm yogʻin tushadi, shimoli-sharqiy yon bagʻrida 200–250 mm. Togʻlarning quyi qismida choʻl, soʻngra adir, yuqori kismida togʻ mintaqasi mavjud. Yon bagʻirlari choʻldasht oʻsimliklari bilan qoplangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |